#rasmiy_munosabat
2025-05-05 11:00:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarning birida “Chilpiq arxeologiya yodgorligi madaniy meros boshqarmasiga qanchalik qadrli? Qoraqalpog‘iston xalqiga-chi?” sarlavhasi ostida post qoldirilgan. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida joylashgan “Chilpiq” arxeologiya yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
“Chilpiq” arxeologiya yodgorligi respublikadagi diqqatga sazovor maskanlardan biri bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat gerbida ham aks ettirilgan. Hozirgi kunda “Chilpiq” arxeologiya yodgorligi mahalliy va xorijiy mehmonlar eng ko‘p tashrif buyuruvchi obyektlar qatoriga kiradi. Shuningdek, obyektga tashrif buyuruvchilar uchun yo‘l infratuzilmasi yaxshilangan va obyektga chiqish uchun zinapoya qurilgan.
Dastavval, mazkur obyekt 1940-yili Sergey Tolstov va Yahyo G‘ulomov boshchiligidagi SSSR Fanlar Akademiyasining Xorazm ilmiy-arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan tadqiq etilgan. Yodgorlik aylana shaklida bo‘lib, uning atrofi qalin paxsa devor bilan o‘ralgan va bir tomoni kirish yo‘li sifatida ochiq qoldirilgan. Mahalliy aholi yodgorlikning barpo etilishini turli afsonalar bilan bog‘laydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan “Chilpiq” arxeologik yodgorligi nafaqat mintaqaning, balki butun O‘zbekiston tarixidan hikoya qiluvchi noyob qadimiy obyekt hisoblanadi. Joriy yilning 4–6-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Orol madaniyat sammiti doirasida yodgorlik fonida ochiq osmon ostida o‘tkazilgan katta konsert esa uning tarixiy ahamiyatini yana bir bor ta’kidladi. “Chilpiq” nafaqat arxeologlar, balki tarix, madaniyat va san’at ixlosmandlari uchun ham bebaho merosdir.
Eslatib o‘tamiz, ilk marotaba tashkil etilgan Orol madaniyat sammiti Qoraqalpog‘iston va uning atrofidagi ekologik muammolar va imkoniyatlarga diqqatni jalb qilishga, mahalliy jamoalar salohiyatini oshirish va ularni birlashtirish hamda mintaqani atrof-muhit jihatidan barqaror va madaniy boyituvchi o‘lkaga aylantirishni maqsad qilgan.
