O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida navbatdagi mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
2025-04-30 21:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va targ‘ib qilish maqsadida navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur tadbirda G‘ijduvon kulolchilik maktabining yirik namoyandalaridan biri, Narzullayevlar sulolasining davomchisi Dilnoza Narzullayeva ishtirok etib, amaliy mashg‘ulot mobaynida qadimiy qo‘l kashtachiligi san’atining nafis jihatlariga oid qimmatli fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Mahorat darsi chog‘ida ishtirokchilar bevosita kashta tikish jarayonida qatnashish, ushbu san’atning sir-asrorlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ushbu tadbir mehmonlar va hunarmandchilik ixlosmandlari orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning I choragi davomida Madaniy meros agentligi tizimidagi davlat muzey va muzey-qo‘riqxonalarida 1,511 ta tadbir tashkil etildi. Jumladan 54 ta ilmiy-amaliy anjuman va mashg‘ulotlar, 112 ta teatrlashtirilgan sahna namoyishlari, 176 ta ko‘rgazma va 58 ta sayyor ko‘chma ko‘rgazma, 406 ta mahorat darslari hamda 705 ta madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
