Madaniy meros obyektlari va ularning muhofaza hududida olib boriladigan qurilish ta'mirlash ishlari uchun taqdim etilgan 439 ta loyihaning 173 tasi rad etildi
2025-04-28 11:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 28-aprel kuni Madaniy meros agentligi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Meliqulov tomonidan “Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan 2025-yilning birinchi choragida ko‘rib chiqilgan loyihalar” mavzusida brifing tashkil etildi.
Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 265-son hamda 2021-yil 3-martdagi “Moddiy madaniy meros obyektlari va YUNЕSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 119-son qarorlari asosida amalga oshiriladi. Sanab o‘tilgan qarorlarga muvofiq, moddiy madaniy meros obyektlarining asliyligini saqlash, ularning atrof-muhitini muhofaza qilish va har qanday qayta qurish yoki rekonstruksiya ishlari belgilangan tartibda amalga oshirilishi ta’minlanadi.
2024-yil 20-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 295-son qarori asosida Kengash tarkibi yangilandi. Mazkur qaror bilan Ilmiy-ekspert kengashning maqomi va funksiyalari belgilab berilgan, xususan:
• moddiy madaniy meros obyektlari va ularga tutash hududlarda amalga oshiriladigan loyihalarni ko‘rib chiqish;
• tarixiy muhit va arxitektura yaxlitligini saqlash bo‘yicha xulosalar berish;
• ilmiy tadqiqotlar, ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari ustidan qat’iy ilmiy nazoratni ta’minlash.
Ilmiy-ekspert kengashi o‘z faoliyatini moddiy madaniy meros obyektlarining o‘zgarmas tarixiy xususiyatlari va ularga tutash hududlarning muhofaza qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etadi. Ta’mirlash-tiklash, rekonstruksiya, yangi qurilish va xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq loyihalarning barchasi belgilangan tartib asosida ko‘rib chiqiladi.
Bugungi kunda moddiy madaniy meros obyektlariga tegishli har bir loyiha kengash a’zolari tomonidan huquqiy va ilmiy yondashuv asosida, yuqori mas’uliyat bilan ko‘rib chiqilmoqda. 2025-yilning yanvar-mart oylari davomida Ilmiy-ekspert kengashi 5 ta yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishlarda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taqdim etilgan jami 439 ta loyiha hujjatlari kompleks ravishda ko‘rib chiqildi. Loyihalar asosan tarixiy obidalarni ta’mirlash, yoritish, qo‘shimcha qurilishlarni amalga oshirish, ta’mirlash-tiklash, muhandislik kommunikatsiyalarini o‘tkazish, madaniy meros obyektlari muhofaza hududlarida amalga oshiriladigan qurilishlar kabi ishlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Barcha murojaatlar yuzasidan tegishli xulosalar chiqarilib, murojaatchilarga rasmiy javob xatlari yuborildi.
Loyihalarni ko‘rib chiqish jarayonida madaniy meros obyektining tarixiy-qurilish hujjatlari va asl qiyofasi asos qilib olindi, qurilish, ta’mirlash va injiniring ishlari zamonaviy talablarga javob berishi, biroq moddiy merosga zarar yetkazmasligi shart qilib qo‘yildi. Loyihalarning ijtimoiy, iqtisodiy va sayyohlik ahamiyati ham inobatga olindi. Loyihalardan 69 tasi ma’qullangan bo‘lsa, 197 tasiga shartli ravishda rozilik berildi. Shuningdek, ko‘pgina loyihalarda tarixiy obyektlar haqidagi ma’lumotlar to‘liq va asosli bo‘lmaganligi, me’morlik yechimlari va qurilish detallari yetarlicha aniq ishlab chiqilmaganligi, joylardagi mahalliy organlar bilan hamkorlikda ishlashda yetarli muvofiqlashtirish mavjud emasligi sababli taqdim etilgan 439 ta loyihaning 173 tasiga rad javobi berildi.
Viloyatlar kesimida oladigan bo‘lsak:
• Samarqand viloyati barcha hududlar ichida eng ko‘p loyiha taqdim etgan - 250 ta. Mazkur ko‘rsatkich umumiy loyihalarning 57% ni tashkil etadi. Bu viloyatdagi boy tarixiy merosga bo‘lgan ehtiyoj va loyihalashtirish faolligini ko‘rsatadi.
• Buxoro viloyati tomonidan 73 ta va Xorazmdan 5ta loyiha taqdim etildi. Toshkent shahri ham faol hududlardan bo‘lib, tarixiy obidalar va ularning muhofaza hududlariga oid loyihalar soni 34 tani tashkil etdi.
• Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlaridan loyihalar kelib tushmadi.
Barcha yig‘ilishlarda tegishli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, tarixchi olimlar, me’morlar va davlat organlari vakillari ishtirok etdi. Loyihalar har tomonlama – me’moriy, huquqiy va madaniy nuqtayi nazardan atroflicha chuqur tahlil qilinib, tarixiy muhit va obyektning asl qiyofasiga ta’sir etmasligi asosiy mezon sifatida belgilandi.
Ilmiy-ekspert kengashi 2025-yilning ikkinchi choragida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiradi. Asosiy ko‘zlangan maqsad moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ularni ehtiyotkorlik bilan puxta tiklash va har qanday rekonstruksiya jarayonida milliy merosni asrash tamoyillariga qat’iy amal qilishdan iboratdir.
