Ilmiy-ekspert kengashi “Hazrati Imom” (Hastimom) majmuasi va boshqa obyektlarga oid restavratsiya loyihalarini ma’qulladi
2025-04-15 10:50:00 / Yangiliklar

2025-yil 9-aprel kuni Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda “Hazrati Imom” (Hastimom) majmuasiga kiruvchi bir qator tarixiy obyektlarga oid ta’mirlash-tiklash loyihalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Zarqaynar koʻchasida joylashgan “Abu Bakr Kaffol Shoshiy” maqbarasi, “Baroqxon” va “Mo‘yi Muborak” madrasalari, “Namozgoh” va “Tillashayx” masjidlari bo‘yicha taqdim etilgan restavratsiya loyihalari Kengash a’zolari tomonidan puxta ko‘rib chiqilib, bir ovozdan ma’qullandi. Loyihalarda yodgorliklarga ziyon yetkazilmasligi kafolatlanishi va devor tagi to‘shamasi maxsus obi g‘isht — 250×250×50 o‘lchamdagi xumdonda pishirilgan musulmon g‘ishtidan foydalanish sharti bilan tasdiqlandi.
Mazkur ishlar bo‘yicha ijro va nazorat Madaniy meros agentligining Toshkent shahar boshqarmasi va “Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasiga yuklatildi.
Shuningdek, Navoiy viloyatidagi “Qiziltepa tarixiy muzeyi”ni ta’mirlash va Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida joylashgan “Manak ota ziyoratgohi”da maqbara hamda yordamchi binolar qurish loyihalari ham Kengash tomonidan ma’qullandi.
Tasdiqlangan loyihalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar bilan Madaniy meros agentligining rasmiy veb-saytida tanishishingiz mumkin.
