#rasmiy_munosabat
2025-04-14 11:55:00 / Yangiliklar

Davriy nashrlardan birida “Yog‘ochli Sardobaning istiqboli qanday bo‘ladi?” sarlavhasi ostida maqola chop etildi. Unda Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida joylashgan “Sardoba (og‘ochli)” tarixiy maskanni obod qilish uchun bir necha bor loyihalar taqdimoti o‘tkazilgan bo‘lsa-da, amalda o‘zgarishlar bo‘lmayotgani bayon etilgan. Maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Tegishli hujjatga asosan “Sardoba (og‘ochli)” madaniy-meros yodgorligi tevarak-atrofidagi infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va uni o‘rnatilgan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishish belgilangan. Hujjatga muvofiq “Sardoba (og‘ochli)” obyektiga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash, sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish, milliy hunarmandchilik savdo rastalarini o‘rnatish, yodgorlik darvozasining oldida zamonaviy ayvon tashkil etish, obida atrofini 3D temir panjaralar bilan o‘rash hamda manzarali daraxtlar ekish belgilangan.
Joriy yilning birinchi yarmida “Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasi tomonidan “Sardoba (og‘ochli)” obyektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi. Shundan so‘ng, Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va yodgorlikka ishchi o‘rinlarini ajratilishi yuzasidan yakuniy xulosa beriladi. Loyiha hujjatlari asosida bajariladigan ishlar Sirdaryo viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Ma’lumot uchun, 2025-yilning iyul oyida Bolgariyaning Sofiya shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 47-sessiyasida “Ipak yo‘li: Farg‘ona-Sirdaryo koridori” nominatsiyasi ko‘rib chiqiladi. Sessiyada Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida joylashgan “Sardoba (og‘ochli)” me‘moriy yodgorligi hamda qo‘shimcha 14 obyekt YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, XVI asrga taalluqli arxitektura yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan Madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
