#rasmiy_munosabat
2025-02-17 11:40:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarning birida “Davlat muhofazasida bo‘lgan tarixiy obida” sarlavhasi ostida post qoldirilgan. Unda Buxoro shahrida joylashgan “Mag‘oki Attori” masjidining kirish qismi ta’mirtalab holatga kelib qolgani aks etgan. Joylangan post yuzasidan Madaniy meros agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Ushbu yodgorlik 1993-yilda “Buxoro tarixiy markazi” tarkibida YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Hozirda majmuada “Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi “Gilamlar muzeyi” faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Hozirgi vaqtda “Mag‘oki Attori” masjidini qayta tiklash bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda obidaning kirish qismidagi o‘ymakor bezaklarini konservatsiya va restavratsiya qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi 5150-sonli qarorning 4-moddasida moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishiladi. Bunda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar (obyektlar) bo‘yicha loyihalar Agentlik tomonidan YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya orqali YUNESKOning Butunjahon merosi markazi bilan kelishilishi belgilab qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, o‘zining o‘ymakor naqshlari bilan mashhur bo‘lgan “Mag‘oki Attori” majmuasi XII-XVI asrlarga oid bo‘lib yer sathidan 4.5 metr pastda joylashgan. Buxoro shahrida joylashgan tarixiy yodgorliklardan bugungi kungacha saqlanib qolganlar orasida ushbu obyekt eng qadimiylaridan biri hisoblanadi. Mag‘okda, ya’ni chuqurlikda hamda attor bozorlari yaqinida joylashgani sababli “Mag‘oki Attori” masjidi deb nomlangan.
