#rasmiy_munosabat
2025-02-14 16:45:00 / Yangiliklar

Ommaviy axborot vositalarining birida “40 xonali katta bino – Navoiy tug‘ilgan kunda uning muzeyiga borish nega noqulay?” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Tarqalgan xabar yuzasidan Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. Holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Maqolada keltirilgan obyekt Toshkent shahar Shayxontohur tumanining A.Navoiy ko‘chasida joylashgan bo‘lib, majmua O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
O‘rganishlar davomida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining tom hamda binoni isitish tizimi 2024-yilda rekonstruksiya qilinganligi ma’lum bo‘ldi. Hozirgi vaqtda obyektning tashqi fasad va ichki qisimlarini pardozlash ishlari uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan. Qurilish ishlari uchun belgilangan pul mablag‘lari ajratilganidan so‘ng, ta’mirlash ishlari xususiy pudrat tashkilot tomonidan joriy 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va saqlab qolish ishi nafaqat davlat idoralari, balki jamoatchilik va mahalliy aholi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozimligini e’tirof etgan holda ushbu va boshqa tarixiy obyektlarni asrab-avaylashda jamoatchilikni faol ishtirok etishda davom etishga chaqiramiz.
