#rasmiy_munosabat
2025-02-06 10:00:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarning birida “Andijon viloyatida tadbirkor tomonidan Avliyo Nikolay cherkovi – madaniy meros yodgorligi yaqinida ko‘p qavatli uy qurilmoqda” sarlavhasi ostida xabar tarqaldi. Madaniy meros agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Andijon shahrida joylashgan “Avliyo Nikolay cherkov binosi” arxitektura yodgorligi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qaroriga asosan “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxati”ga kiritilgan. Yodgorlikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-maydagi 102-sonli bayoniga asosan Madaniy meros agentligi tomonidan respublika budjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.
Arxitektura yodgorligining muhofaza hududiga xususiy korxonaga tegishli bo‘lgan yer maydoni ko‘p qavatli turar-joy qurilish uchun taklifi loyiha tayyorlanib, Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
Loyiha Kengashning 2024-yil 4–6-dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 22-sonli bayonida ko‘rib chiqib, muhofaza hududini va tashqi ko‘rinishini to‘smaslik sharti bilan ma’qullangan.
O‘rganishlar davomida quruvchi tashkilot tomonidan qurilish amalga oshirilayotgan yer maydoni moddiy madaniy meros obyektining muhofaza hududida joylashgan xususiy mulkdorga tegishli ekanligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu holat bo‘yicha xususiy korxona rahbariga qurilish ishlarini muhofaza hududidan 5-10 metrgacha saqlagan holda olib borish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
