Asosiy kontentga o'tish

#Rasmiy munosabat

2025-02-04 20:15:00 / Yangiliklar


Ijtimoiy tarmoqlarning birida Buxoroda eski mahallalardagi yo‘l qayta qurilayotgani, ammo ushbu jarayonda ma’lum bir qoidalarga amal qilinmayotgani ya’ni uylar orasida yomg‘ir (qor) suvlarini qochirish tarmoqlari yo‘qligi tanqid qilingan. Holat shu tarzda davom etsa Buxoroga katta zarar yetishi haqida ham so‘z borgan.

Madaniy meros agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi vaziyatni joyiga chiqqan holda sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, quyidagilarni ma’lum qiladi:

Davlat rahbarining 2024-yil 31-may – 1-iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq, aholi va sayyohlarga qulaylik yaratish hamda madaniy meros obyektlariga texnogen jarayonlar ta’sirini oldini olish maqsadida Buxoro tarixiy markazida “Chor minor” va “Isteza” madrasalari, “Samarqand” va “Darvozai Salloxona” darvozalari, “Zindon” va “Masjidi Kalon” obyektlari hududidan yomg‘ir (qor) suvlarini qochirish tarmoqlarni o‘rnatish ishlari boshlangan.

 

Mazkur loyiha bo‘yicha ishlar vakolatli organ - Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashining ijobiy xulosasi va tavsiyalari asosida olib borilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, tor ko‘chalarda beton qoplamali plitkalarni ko‘chirish, yomg‘ir (qor) suvlarini aholi xonadonlari va madaniy meros obyektlariga ta’sir etmagan holda maxsus drenaj (shaxta) va an’anaviy tik quduq qazish usuli orqali qochirish mo‘ljallangan. Bunday yondashuv madaniy meros obyektlarining yaxlitligini saqlab qolgan holda yer usti suvlarini samarali chiqarib yuborish imkonini beradi.

Ayni paytda, bu loyiha bo‘yicha buyurtmachi hamda pudrat tashkilot belgilangan bo‘lib, malakali loyihachi va usta-restavratorlarni jalb qilgan holda ta’mirlash-tiklash va muhandislik kommunikatsiyalari (elektr, gaz va aloqa tarmoqlari)ni yer osti orqali o‘tkazish ishlari davom ettirilmoqda. Bu esa ayni jarayonda eng yuqori standartlarga rioya qilinishini ta’minlaydi.

Mazkur ishlar Samarqand arxeologiya institutining arxeologlari, ekspertlar va Madaniy meros agentligi vakillari nazorati ostida bajarilmoqda.

61

Oxirgi yangilanish: 2025-02-04 20:26:25