#rasmiy_munosabat
2024-10-25 21:10:00 / Yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Karmana shahridagi Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan Buxoro amirlari saroyi ta’mirtalab xolga kelib, xarobaga aylanganligi haqida xabar tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Madaniy meros agentligining Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan vaziyat atroflicha o‘rganildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
“Mirzachorbog‘” qarorgohini ta’mirlash-tiklash va restavratsiya qilish ishlari uchun 4,1 mlrd. so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi” davlat muassasasi hamda yordamchi pudratchi tashkilot “Mars 2000” MCHJ bilan obyektda ta’mirlash ishlari uchun shartnoma imzolangan.
Mazkur hujjatga asosan 2 mlrd.so‘m miqdoridagi mablag‘ moliyalashtirilib yordamchi pudratchi tashkilot “Mars 2000” MCHJ tomonidan arxitektura yodgorligining ta’mirlash oldi (demontaj) ishlari olib borilgan. Obyektning ichki va tom qismlarini mavjud tuproqdan tozalash, hamda qish mavsumida binoga zarar yetkazmaslik maqsadida bir qismini shifer bilan yopish ishlari shular jumlasidandir.
Bugungi kunda inshootning ichki devor qismlarida olib tashlangan eski yog‘ochlar o‘rniga yangilari o‘rnatilib, g‘isht qalash, ichki devor qismlarini suvoqlash, obyektning yo‘q bo‘lib ketgan ikki qavatli binosini tiklash maqsadida fundament qismiga g‘isht terish hamda ikki qavatli yog‘och qovurg'a qilib ko‘tarish, uning eskirgan sinch qismlarini yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, arxitektura yodgorligining “B” blokidagi tom qismiga dandana g‘ishtlari terildi. Obyektning muhofaza hududini temir panjara bilan o‘rash jarayoni davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qaroriga asosan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilib, davlat muhofazasiga olingan.