O‘zbekiston va Eronda lak miniatyurasi: madaniyatlarni birlashtirgan san’at
2024-09-26 09:30:00 / Yangiliklar

Lak miniatyurasi tabiiy pigmentlardan foydalangan holda laklangan “papye-mashe” (fransuz tilidan papier mâché – maxsus ishlov berilgan qog‘oz) yoki yog‘och sathida miniatyura kompozitsiyalarini yaratish hisoblanadi. Ushbu san’at yo‘nalishi qadimiy davrlarga borib taqaladi va soha O‘zbekiston va Eronda ham yaxshi rivojlangan.
Miniatyuralarni yaratishning o‘ziga xos texnik xususiyatlari mavjud. Eronda yorqin va turli ranglardan foydalanilsa, O‘zbekistonda milliy bezak unsurlaridan foydalaniladi. Lak miniatyurasida e’tiqod qarashlari, maishiy kundalik sahnalar, siymo, manzara va boshqa mavzular ajib va nafis ko‘rinishda gavdalanadi. Eronda tarixiy voqealarni aks ettiruvchi miniatyuralar, O‘zbekistonda esa milliy mavzuga xos asarlar ko‘p uchraydi.
Har bir mamlakatda o‘ziga xos uslub va xususiyatlarga ega lak miniatyura maktablari mavjud, jumladan Eronda Isfahon, Sheroz va Tehron maktablari bo‘lsa, O‘zbekistonda Buxoro, Samarqand va Toshkent maktablari muhim o‘rin egallaydi. Eronda bu yo‘nalish juda ham boy va murakkab, O‘zbekistonda ular noyob sanaladi. Lak miniatyurasi mamlakatlarning madaniyati va an’analarini birlashtiradi, ajdodlar merosini saqlab qoladi va usta mahoratini ifodalaydi.
Eslatib o‘tamiz, yaqindagina mamlakatimizga tashrif buyurgan taniqli eronlik arxeolog va antropologlar Anor va Nigar xonim O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyiga uzoq Isfahondan lak qutisini sovg‘a qildi. Ushbu noyob san’at asari bilan muzey kolleksiyasi yana bittaga ko‘paydi.
