#rasmiy_munosabat
2026-06-01 18:50:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Zurmala stupasida olib borilayotgan konservatsiya va asrash ishlari yuzasidan bildirilayotgan fikrlar munosabati bilan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Zurmala stupasidagi barcha ishlar tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ma’qullangan.
Arxeolog Tuxtash Annayev rahbarligida olib borilgan qazishmalar davomida stupaning platforma qismi o‘rganilgan. Tadqiqotlar jarayonida yodgorlikning tarixiy o‘zagi va asosiy konstruktiv qismlariga zarar yetkazilmagan.
Qazishma ishlari yakunlangach, ochilgan qismlarni saqlash maqsadida loyiha asosida konservatsiya ishlari bajarilgan. Yodgorlikning ayrim qismlari asl holatda ochiq qoldirilgan, qolgan qismlari esa tabiiy yemirilishlardan himoya qilish uchun maxsus loy suvoq bilan qoplangan.
Yodgorlik atrofida o‘rnatilgan metall belbog‘lar vaqtinchalik muhofaza chorasi bo‘lib, kuchli shamol va yog‘ingarchiliklar ta’sirida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish uchun o‘rnatilgan. Ushbu yechim ham Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ma’qullangan. Hozirda obyektda konservatsiya va asrash ishlari yakunlanmagan bo‘lib, belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda.
Yodgorlikning texnik holati Madaniy meros agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan doimiy monitoring qilib borilayotganligini ma’lum qilamiz.
