Kox ota maqbarasidagi noto‘g‘ri ma’lumotlar zudlik bilan bartaraf etildi
2026-04-27 11:25:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Madaniy meros agentligi tomonidan Toshkent shahridagi madaniy meros obyektlarida keng ko‘lamli monitoring ishlari olib borilmoqda. O‘rganishlar davomida poytaxt markazida joylashgan Kox ota maqbarasining kirish qismida o‘rnatilgan yodgorlik tarixiga oid ma’lumot taxtachasida noma’lum shaxslar tomonidan asossiz hamda tarixiy haqiqatga zid ma’lumotlar kiritilgani aniqlandi.
Mazkur holat madaniy meros obyektlari haqidagi axborotlarning haqqoniyligi va ishonchliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bois, tezkor choralar ko‘rildi. Xususan, noto‘g‘ri ma’lumotlar aks etgan taxtacha zudlik bilan olib tashlandi. Ayni vaqtda mazkur masala mutasaddi tashkilotlar, soha mutaxassislari hamda tarixchilar ishtirokida batafsil o‘rganilmoqda. O‘rganishlar yakuniga ko‘ra, maqbara tarixi yuzasidan ilmiy asoslangan, ishonchli va tarixiy manbalarga tayangan holda yangi ma’lumot taxtachasi tayyorlanib, belgilangan tartibda qayta o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Madaniy meros agentligi tomonidan tarixiy obyektlarda taqdim etilayotgan ma’lumotlarning haqqoniyligi, ilmiy asoslanganligi hamda jamoatchilikka to‘g‘ri yetkazilishi ustidan nazoratni kuchaytirish ishlari izchil davom ettiriladi.


