Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi Toshkent shahrida o‘tkaziladi
2026-04-27 11:20:00 / Yangiliklar

2026-yilning 27–30-aprel kunlari Toshkent shahrida Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda respublikaning turli hududlaridagi madaniy meros obyektlarini asrash, restavratsiya qilish hamda yangi qurilish loyihalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Mazkur yig‘ilish kun tartibiga jami 120 dan ortiq masala kiritilgan bo‘lib, ular orasida tarixiy obidalarni tiklash, muhofaza hududlarini obodonlashtirish, arxeologik yodgorliklarni saqlash va ularga tutash hududlarda qurilish ishlarini amalga oshirishga oid loyihalar mavjud.
Xususan, Andijon viloyatidagi “Ko‘k to‘nli ota” va “Oq to‘nli ota” ziyoratgohlarida maqbara qurish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Eski Tosh shifoxona” binosini restavratsiya qilish kabi loyihalar muhokama qilinadi. Shuningdek, Toshkent shahridagi “Ko‘kaldosh madrasasi”, “O‘zbekiston davlat san’at muzeyi” hamda “Temir yo‘l vokzali” hududini obodonlashtirish ishlari yuzasidan taqdim etilgan loyihalar ham kengash e’tiborida bo‘ladi.
Kun tartibidan o‘rin olgan muhim yo‘nalishlardan yana biri YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy hududlarda olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya loyihalaridir. Jumladan, Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz shaharlaridagi turar va noturar joy binolarini qurish hamda tarixiy muhitga moslashtirish bo‘yicha ko‘plab takliflar ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari yig‘ilishda ayrim madaniy meros obyektlarini milliy ro‘yxatga kiritish yoki undan chiqarish, shuningdek, ularni ijaraga berish masalalari ham muhokama qilinadi. Arxeologik yodgorliklarga yetkazilgan zararlarni baholash hamda ularni muhofaza qilish choralariga oid hujjatlar ekspertizadan o‘tkaziladi.
Ilmiy-ekspert kengashi kun tartibidagi masalalarning batafsil ro‘yxati bilan Madaniy meros agentligining rasmiy veb-sayti orqali tanishish mumkin.
