Madaniy meros sohasidagi dolzarb masalalar ochiq muhokama qilindi
2026-04-24 21:55:00 / Yangiliklar

2026-yil 24-aprel kuni Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan madaniyat va san’at sohasini tubdan isloh qilish doirasida Madaniy meros agentligi tomonidan madaniy merosni asrash va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, Madaniy meros agentligi mutasaddilari, Agentlikning boshqarma va bo‘lim boshliqlari, respublikadagi davlat muzeylari hamda muzey-qo‘riqxona rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, Madaniy meros agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov mamlakatimizda madaniy merosni asrash va rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026-yil birinchi chorak yakunlari yuzasidan ma’lumot berdi. O‘tgan 3 oy davomida 131,7 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 25 ta madaniy meros obyektida restavratsiya va ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, 7 ta arxeologik tadqiqot va 7 ta xalqaro ekspeditsiya natijasida 2 mingga yaqin noyob topilma davlat fondlariga topshirildi, 2 ta arxeologiya obyekti esa muzeylashtirish bosqichiga tayyorlandi.
Rossiya va Yaponiya davlatlarida O‘zbekiston muzey ashyolari ko‘rgazmalari tashkil etilgani, muzeylarda 1 535 ta madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilgani hamda muzeylarga 1 mln.dan ortiq sayyoh tashrif buyurgani alohida qayd etildi. Qiziqarli jihati, 162 mingta muzey ashyosi raqamlashtirilib, elektron tizimga kiritildi, 350 tasi esa restavratsiya qilindi. Shuningdek, “Milliy merosga mening hissam!” aksiyasi orqali 8,2 mlrd. so‘mlik 76 ta noyob madaniy boylik xarid qilingani ta’kidlandi.
Ochiq muloqot avvalida Madaniy meros agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Jannat Ismoilova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni kengash faoliyati va uning mazkur yo‘nalishda erishilayotgan ijobiy natijalari hamda yutuqlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, ushbu sohadagi ishlar samaradorligini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘z taklif va tashabbuslari yuzasidan fikr bildirdi.
Tadbir davomida gidlar faoliyatini tartibga solish va ularning kasbiy malakasini oshirish maqsadida turizm hamda tarixga oid zamonaviy adabiyotlarni yaratish, mavjud adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va mutaxassislar uchun muntazam o‘quv dasturlarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, jamoatchilik vakillari tomonidan moddiy madaniy meros obyektlari ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish, tarixiy ahamiyatga ega binolarni ham madaniy meros sifatida baholash imkoniyatlarini o‘rganish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga, ro‘yxatdagi yodgorlik nomlarini davlat tili qoidalariga muvofiq yagona standart asosida unifikatsiya qilish masalasi ham ko‘tarildi. Shuningdek, tarixiy obyektlarda, xususan ziyoratgoh va memorial majmualarda tashrif madaniyatini tartibga solish, ekskursiya jarayonlarini tizimlashtirish hamda sayyohlar uchun zamonaviy axborot berish tizimini (audio gidlar, elektron qurilmalar) keng joriy etish bo‘yicha takliflar alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, alohida e’tibor tarixiy-madaniy ahamiyatga ega yodgorliklar, jumladan qadimiy qoyatosh tasvirlari joylashgan hududlarni kompleks o‘rganish, ularni xalqaro tajriba asosida rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish masalalariga qaratildi.
O‘tkazilgan ochiq muloqot davomida ko‘tarilgan masalalar, bildirilgan taklif va mulohazalar sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularning samarali yechimlarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu kabi davra suhbatlari jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, madaniy meros obyektlariga nisbatan mas’uliyat hissini oshirish hamda tizim faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.









