Toshkent shahrida madaniy meros obyektlari holati yuzasidan keng qamrovli monitoring o‘tkazilmoqda (2-kun)
2026-04-23 20:45:00 / Yangiliklar

Madaniy meros agentligi tomonidan Toshkent shahrida olib borilayotgan keng qamrovli monitoring tadbirlari izchil davom etmoqda. Ishchi guruh ikkinchi kun davomida poytaxtdagi 21 ta madaniy meros obyektida kompleks o‘rganish ishlarini amalga oshirdi.
Bu galgi o‘rganishlar bir jihati bilan alohida ahamiyat kasb etdi: ular madaniy meros obyektlarida ko‘zga tashlanmaydigan, ammo obyektning konstruktiv mustahkamligi va tarixiy-me’moriy yaxlitligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan noqonuniy aralashuvlarni ochib berdi.
Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan, davlat muhofazasiga olingan “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ maʼmuriy binosi” madaniy meros obyektining yerto‘la qismida tegishli ruxsatlarsiz qurilish va o‘zgartirish ishlari amalga oshirilgani aniqlandi. Ayrim devorlarning buzilishi hamda sun’iy shamollatish uchun qo‘shimcha tuyniklar ochilishi obyekt konstruksiyasiga bevosita zarar yetkazishi mumkinligi qayd etildi.
Mazkur noqonuniy aralashuvlar obyektning konstruktiv mustahkamligiga, uning tarixiy-me’moriy yaxlitligiga va asl ko‘rinishiga jiddiy putur yetkazishi mumkinligi sababli, ushbu holat alohida tashvish uyg‘otadi. Madaniy meros obyektlarida bunday o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan ishlar amaldagi qonunchilik talablariga mutlaqo zid hisoblanadi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan ishchi guruh tomonidan belgilangan tartibda tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirildi hamda mas’ul shaxslarga qonunbuzilishlarni bartaraf etish, obyektni dastlabki holatiga keltirish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, mazkur obyekt bo‘yicha nazorat tadbirlarini kuchaytirish, madaniy meros obyektlarining daxlsizligini ta’minlash hamda ularni asrab-avaylash borasidagi talablar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi alohida belgilab olindi.
Chilonzor tumanidagi Xalqlar do‘stligi san’at saroyi hududida avval aniqlangan qoidabuzarlik holati qayta o‘rganildi. Monitoring davomida me’yoriy talablarga zid ravishda o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilma aniqlanib, shu kunning o‘zida demontaj qilindi. Bu tezkor choralar nazorat mexanizmlarining amalda ishlayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Shuningdek, Toshkent shahar, Chilonzor tumani Olmazor ko‘chasi 187-uy manzilida joylashgan Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri binosi hududida ruxsatsiz reklama bannerlari o‘rnatilgani aniqlandi. Mazkur holat madaniy meros obyektlaridan foydalanish, ularni muhofaza qilish hamda asl me’moriy qiyofasini saqlash bo‘yicha amaldagi me’yoriy-huquqiy talablarga mutlaqo zid ekanligi qayd etildi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan mas’ul shaxslarga qat’iy tartibda ko‘rsatmalar berilib, ularni zudlik bilan bartaraf etish talabi qo‘yildi. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida noqonuniy o‘rnatilgan reklama vositalari shu kunning o‘zidayoq to‘liq demontaj qilinib, obyekt hududi belgilangan tartibga keltirildi.


Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti balansida bo‘lgan Ilgarigi Toshkent xalq xoʻjaligi instituti binosi tashqi ko‘rinishi talab darajasida saqlanmaganligi aniqlandi.
Mazkur holat obyektlarning me’moriy-badiiy qiyofasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning tarixiy va madaniy ahamiyatiga putur yetkazmoqda, shuningdek, shaharsozlik muhitining umumiy estetik ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va ularning asl qiyofasini saqlash bo‘yicha belgilangan talablarning buzilishi amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi 

Shu bilan birga, ijobiy jarayon ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘zbekiston milliy qo‘g‘irchoq teatri tasarrufidagi O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri binosida olib borilayotgan restavratsiya ishlari joyiga chiqib o‘rganildi. Mutaxassislar bilan o‘tkazilgan muhokamalarda restavratsiya jarayonining ilmiy yondashuv asosida, tarixiy qiyofani to‘liq saqlagan holda olib borilishi yuzasidan tavsiyalar berildi.


Monitoring faqat kamchiliklarni aniqlash bilangina cheklanmaydi. Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, ularning saqlanishi va ozodaligini ta’minlash borasida samarali faoliyat olib borayotgan tashkilotlar mavjud. Xususan, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasi 45-uy manzilida joylashgan, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita balansidagi “To‘qimachilik kombinati madaniyat saroyi” binosi madaniy meros obyektini saqlash va obodonlashtirish borasida namunali tajriba sifatida e’tirof etildi.
Ikkinchi kun monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, madaniy meros obyektlariga zarar yetkazuvchi omillar ko‘pincha kichik, e’tiborsiz qoldirilgan aralashuvlardan boshlanadi. Vaqtida aniqlanmagan bunday holatlar esa katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
Shu bois, Agentlik tomonidan olib borilayotgan izchil nazorat tadbirlari nafaqat qonunbuzilishlarni fosh etish, balki ularning oldini olish, mas’uliyatni kuchaytirish va jamiyatda madaniy merosga nisbatan ehtiyotkor munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Monitoring ishlari davom etadi.
