Hamkorlik va madaniy merosni asrashga chaqiramiz!
2026-04-22 12:30:00 / Yangiliklar

Toshkent shahri Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan madaniy meros obyektlaridan foydalanayotgan barcha xususiy mulkdorlar hamda ushbu ro‘yxatga kiritilmagan bino-inshootlar egalari diqqatiga!
Joriy yil 21-aprel kuni Madaniy meros agentligi ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahri Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan madaniy meros obyektlarida kompleks monitoring ishlari amalga oshirildi. O‘rganishlar natijasida ayrim obyektlarda fasad rang yechimlari mazkur ko‘cha bo‘yicha shakllantirilgan me’moriy konsepsiyaga mos emasligi, tarixiy muhitga zid o‘zgartirishlar kiritilgani, shuningdek, ta’mirlash va tashqi ko‘rinishga oid ishlar belgilangan tartibda ruxsatlarsiz bajarilgani aniqlandi.
Shuni qat’iy ma’lum qilamizki, Alisher Navoiy ko‘chasi bo‘yicha tasdiqlangan ko‘cha konsepsiyasi mavjud bo‘lib, ushbu hududdagi barcha bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishi, ayniqsa fasad rang yechimlari mazkur konsepsiyaga muvofiq bo‘lishi shart.
Asosiy talablar:
Madaniy meros obyektlarining asl me’moriy qiyofasini saqlash va tiklash;
Fasad va tashqi ko‘rinishlarni ko‘cha konsepsiyasidagi rang yechimlariga moslashtirish;
Tarixiy muhitga zid o‘zgartirishlarga yo‘l qo‘ymaslik;
Ta’mirlash, restavratsiya va boshqa har qanday tashqi ishlarni faqat belgilangan tartibda, tegishli ruxsatnomalar asosida amalga oshirish.
Eslatib o‘tamiz, madaniy meros obyektlariga o‘zboshimchalik bilan aralashish, ularning tashqi qiyofasini buzish, ruxsatsiz ta’mirlash ishlari olib borish yoki reklama vositalarini o‘rnatish amaldagi qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
Bu borada nazorat tadbirlari doimiy ravishda davom ettiriladi. Aniqlangan har bir qonunbuzilish holatiga nisbatan murosasiz yondashuv qo‘llaniladi hamda mas’ul shaxslarga nisbatan qat’iy huquqiy ta’sir choralari ko‘riladi.
Shu bilan birga, mazkur ko‘chada “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati”ga kiritilmagan, biroq tarixiy-shaharsozlik muhitini shakllantirishda muhim o‘rin tutadigan bino va inshootlar ham mavjud. Bunday obyektlarni davlat muhofazasiga olish ularni asrash, ilmiy asoslangan holda ta’mirlash hamda tarixiy qiyofasini saqlab qolish jarayonida muhim imkoniyatlar yaratadi. Xususan, davlat muhofazasiga olingan obyektlarda restavratsiya va ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda metodik ko‘mak, ilmiy tavsiyalar, muhofaza talablari bo‘yicha aniq yo‘riqnomalar hamda qonunchilik doirasida qator afzalliklar va qulayliklar taqdim etiladi. Eng muhimi, bunday maqom bino egasiga nafaqat mas’uliyat, balki madaniy merosni asrash yo‘lida amaliy hamkorlik va himoya imkoniyatlarini ham beradi. Shu munosabat bilan, mazkur hududdagi bino egalari o‘z inshootlarini davlat muhofazasiga olish tashabbuslari masalasini ko‘rib chiqishlari tavsiya etiladi.
Shaharimizning tarixiy markazi — bu umumiy merosimiz. Har bir mulkdorning mas’uliyatli yondashuvi butun ko‘chaning me’moriy uyg‘unligini saqlashga xizmat qiladi.
