Toshkent shahrida madaniy meros obyektlariga oid 70 dan ortiq loyiha muhokama qilinadi
2026-04-06 12:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 6–8-aprel kunlari Toshkent shahrida Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy ekspert-kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda respublikaning turli hududlarida joylashgan madaniy meros obyektlarini saqlash, restavratsiya qilish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq 77 ta loyiha ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilish kun tartibidan Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyati hamda Toshkent shahri hududlarida joylashgan tarixiy obidalar, arxitektura va arxeologiya yodgorliklariga oid qator masalalar o‘rin olgan. Jumladan, madaniy meros obyektlarida restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirish, ularning muhofaza hududlarida qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borish hamda tarixiy-madaniy ekspertiza loyihalarini ko‘rib chiqish masalalari muhokama etiladi. Shuningdek, ayrim obyektlarni moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritish yoki undan chiqarishning maqsadga muvofiqligi kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qurilish ishlarining loyihalariga alohida e’tibor qaratiladi. Muhokamalar yakunida mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan loyihalar amaldagi qonunchilik hamda madaniy merosni muhofaza qilish talablari asosida ko‘rib chiqilib, tegishli xulosa va tavsiyalar beriladi.
Ilmiy-ekspert kengashi kun tartibidagi masalalarning batafsil ro‘yxati bilan Madaniy meros agentligining rasmiy veb-sayti orqali tanishish mumkin.
