Madaniy meros agentligida giyohvandlikning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan “Ma’naviyat soati” tashkil etildi
2026-04-03 10:25:00 / Yangiliklar

2026-yil 3-aprel kuni Madaniy meros agentligida xodimlar uchun navbatdagi “Ma’naviyat soati” tadbiri tashkil etildi. Unda Agentlik markaziy apparati xodimlari hamda tizim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Mazkur tadbir xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish, ularni jamiyatda dolzarb bo‘lib qolayotgan muammolar yuzasidan xabardor qilish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida jamiyat hayotida jiddiy xavf tug‘dirayotgan muammolardan biri — giyohvandlik va uning salbiy oqibatlari xususida atroflicha so‘z yuritildi. Mutaxassislar tomonidan giyohvandlikning inson salomatligiga, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi va kelajagiga salbiy ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ushbu illatning ijtimoiy, ruhiy va iqtisodiy oqibatlari misollar asosida tushuntirildi. Ishtirokchilarga giyohvandlikning oldini olish, unga qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda zararli odatlardan yiroq bo‘lish yuzasidan tavsiyalar berildi. Tadbir savol-javoblar, fikr almashuvlar ruhida o‘tib, unda qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar.
Ta’kidlanganidek, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xodimlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, ularning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish hamda turli salbiy illatlarga qarshi immunitetni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.




