Xovos — meros va madaniyatni birlashtirgan festival markazi
2026-04-02 12:10:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida shu kunlarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan “Xovos — madaniyatlar chorrahasi” shiori ostida xalqaro talaba-yoshlar turizm festivali tashkil etildi. Festival doirasida ishtirokchilar “Ko‘hna Xovos” tepaligiga tashrif buyurib, hududning tarixiy va arxeologik merosi bilan tanishdilar. “Yoshlar va etnoturizm” yo‘nalishidagi dasturlar orqali milliy urf-odatlar va an’analar namoyish etildi.
Tadbir davomida sahna chiqishlari, milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar hamda urf-odatlarni aks ettiruvchi namoyishlar festival ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Seminar va ijodiy uchrashuvlar yoshlarning tarixiy yodgorliklarga bo‘lgan qiziqishini oshirib, uni mustahkamlashga xizmat qildi. Bu kabi festivallar madaniy merosni asrash, uni yoshlar orasida keng targ‘ib etish va turizm bilan uyg‘un rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.




