Navoiy viloyatida Madaniy meros obyektlariga oid 39 ta loyiha muhokama qilinadi
2026-03-16 10:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 16–18-mart kunlari Navoiy viloyatida Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy ekspert-kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda respublikaning turli hududlarida joylashgan madaniy meros obyektlarini saqlash, restavratsiya qilish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq qator loyihalar ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilish kun tartibidan Buxoro, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahri hududlarida joylashgan tarixiy obidalar, arxitektura va arxeologiya yodgorliklariga oid qator masalalar o‘rin olgan. Jumladan, YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari loyihalari, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, ularning muhofaza hududlarida obodonlashtirish ishlarini olib borish, shuningdek ayrim obyektlarni moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi.
Muhokamalar yakunida mutaxassislar taqdim etilgan loyihalarni amaldagi qonunchilik va madaniy merosni muhofaza qilish talablariga muvofiq ko‘rib chiqib, tegishli xulosalar hamda tavsiyalarni beradi. Ilmiy-ekspert kengashi kun tartibidagi masalalarning to‘liq ro‘yxati bilan Madaniy meros agentligining rasmiy veb-sayti orqali tanishish mumkin.
