Umumxalq bayramlarining tarixiy va ma’naviy ahamiyati muhokama qilindi
2026-03-11 15:35:00 / Yangiliklar

2026-yil 11-mart kuni O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida Madaniy meros agentligi markaziy apparati xodimlari, tizim tashkilotlari vakillari, ilmiy jamoatchilik, soha mutaxassislari hamda yoshlar ishtirokida umumxalq bayramlarining tarixiy va ma’naviy ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida umumxalq bayramlarining shakllanish tarixi, ularning xalqimizning ko‘p asrlik urf-odatlari va an’analari bilan uzviy bog‘liqligi, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda boy madaniy merosimizni keng targ‘ib etishdagi o‘rni haqida atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, bayramlarning jamiyatda ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash, avlodlar o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash hamda yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Davra suhbati jarayonida soha mutaxassislari tomonidan umumxalq bayramlarining mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish, ularning tarixiy ildizlarini ilmiy asosda tadqiq etish, shuningdek ushbu bayramlarni keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish masalalari yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Yoshlar tomonidan esa milliy an’analar va qadriyatlarni zamonaviy axborot vositalari orqali keng yoritish, madaniy meros obyektlarida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Tadbir yakunida umumxalq bayramlarining tarixiy-madaniy mazmunini chuqur o‘rganish, ularni keng targ‘ib qilish hamda yosh avlod ongida milliy o‘zlik va qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlash borasida hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.



