Madaniy meros agentligida “Ma’naviyat soati”: giyohvandlikka qarshi kurash masalalari muhokama qilindi
2026-03-02 16:05:00 / Yangiliklar

2026-yilning 2-mart kuni Madaniy meros agentligida xodimlar uchun navbatdagi “Ma’naviyat soati” tadbiri tashkil etildi. Unda Agentlik markaziy apparati xodimlari hamda tizim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida jamiyat hayotida dolzarb masalalardan biri bo‘lgan giyohvandlik va uning salbiy oqibatlari xususida atroflicha so‘z yuritildi. Xususan, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, ularning inson salomatligiga, oilaviy muhitga va jamiyat barqarorligiga yetkazadigan jiddiy zararli ta’siri haqida ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar tomonidan yoshlarni ushbu illatdan asrash, ularning ongida sog‘lom turmush tarzi, mustahkam ma’naviy immunitetni shakllantirish hamda profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirishning ahamiyati ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida “Giyohvandlik – asr vabosi” mavzusidagi videorolik namoyish etilib, unda giyohvandlikning inson hayotiga salbiy ta’siri, uning og‘ir ijtimoiy va ruhiy oqibatlari misollar orqali yoritib berildi. Mazkur “Ma’naviyat soati” xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, huquqiy va ma’naviy ongni yuksaltirish hamda yosh avlodni turli zararli illatlardan himoya qilish borasidagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga xizmat qildi.



