#rasmiy_munosabat
2026-02-25 22:50:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida joylashgan G‘oziyon madrasasi yuzasidan tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Bugungi kunda obyekt yog‘ingarchiliklar hamda tashqi dinamik ta’sirlar oqibatida ta’mirtalab holatga kelgan. Xususan, peshtoq qismi avariya holatida bo‘lganligi sababli, xavfsizlik nuqtayi nazaridan sayyohlar tashrifi vaqtincha cheklangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-martdagi 53-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Moddiy madaniy meros obyektlarini va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq, mazkur obyekt tanlovga qo‘yilgan. Mazkur tanlov obyektni va unga tutash hududni zarur tarzda saqlash, tiklash, obodonlashtirish hamda undan samarali foydalanish maqsadida investitsiya kiritish shartlari asosida amalga oshiriladi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra g‘olib deb topilgan investor tomonidan madrasa Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashi bilan kelishilgan loyiha asosida restavratsiya va asrashga doir konservatsiya ishlarini amalga oshirish hamda belgilangan tartibda foydalanish nazarda tutilganligini ma’lum qilamiz.
Ma’lumot uchun, madrasa 1730–1740-yillarda Mullo Muhammad Sharif tomonidan qurdirilgan bo‘lib, dastlab ikki qavatli, 92 ta hujrali me’moriy majmua sifatida barpo etilgan.
Eslatib o‘tamiz, G‘oziyon madrasasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qaroriga asosan “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati”ga kiritilgan hamda davlat muhofazasiga olingan.
