#RASMIY_MUNOSABAT
2026-02-19 17:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 19-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan stomatologiya klinikasi binosi holati bo‘yicha tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 265-son qarori 6-ilovasiga muvofiq, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini ta’mirlash, asrash va ilmiy-texnik tadqiqot loyihalari Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi shart.
Shunga ko‘ra, joriy yilning 19-fevral kuni Madaniy meros agentligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan Yashnobod tumani, Mahtumquli ko‘chasi, 103-uy manzilida joylashgan stomatologiya klinikasida monitoring o‘tkazildi. O‘rganish jarayonida obyektning tashqi qismi tunuka bilan o‘ralganligi aniqlandi.
Mazkur holat Agentlik bilan kelishilmagan holda amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu jarayon Agentlikka bog‘liq emas. Qayd etish lozimki, agar loyiha belgilangan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishilganida, loyiha tashkiloti, loyiha hujjatlari va mas’ul ijrochilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlash imkoniyati mavjud bo‘lardi. Biroq o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, mazkur ishlar tegishli ruxsat va kelishuvlarsiz, o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan.
Mazkur holat yuzasidan stomatologiya klinikasi mas’ullari bilan suhbat o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi. Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda tushuntirish xatlari olindi. Obyektni avvalgi holatiga qaytarish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi. Shuningdek, 2025-yil 7-may kuni Toshkent Tibbiyot akademiyasiga ogohlantirish xati yuborilgan edi.
Ma’lumot uchun, mazkur obyekt O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Mahtumquli ko‘chasi, 103-uy manzilida joylashgan TDTU binolari moddiy madaniy meros obyektining muhofaza hududida joylashgan.
