Madaniy meros agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-02-19 15:45:00 / Yangiliklar

2026-yilning 19-fevral kuni Madaniy meros agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibiga Jamoatchilik kengashi a’zoligiga yangi nomzodlarni tavsiya etish, shuningdek, Agentlikning 2025-yildagi faoliyati yakunlari hamda Kengashning 2026-yilga mo‘ljallangan ish-rejalari masalalari kiritildi. Yig‘ilish avvalida Jamoatchilik kengashi raisi Jannat Ismailovaning 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot ma’ruzasi tinglandi.
Yig‘ilish davomida Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan shahar markazlarida joylashgan madaniy meros obyektlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularning holatini tahlil qilish hamda mazkur ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Kengash faoliyati va amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida tizimli yoritib borish maqsadida Kengash tarkibiga OAV vakillarini hamda arxeologiya va arxitektura yo‘nalishidagi mutaxassislarni jalb etish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, Jamoatchilik kengashi a’zoligiga Yoshlar ishlari agentligi tizimidan faol va tashabbuskor yoshlarni nomzod sifatida tavsiya etish taklifi ilgari surildi. Kun tartibidagi masalalar doirasida Kengash raisi tomonidan yozuvchi Said Ahmad uy-muzeyini tashkil etish tashabbusi asosiy masalalardan biri sifatida ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Kengash a’zolari tomonidan Andijon shahrida Saida Zunnunova yashagan uyni muhofaza qilish masalasi yuzasidan takliflar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan 2026-yilga mo‘ljallangan ish-reja loyihasi yuzasidan takliflarni 3 (uch) kun muddat ichida taqdim etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Shuningdek, kelib tushgan takliflar umumlashtirilib, belgilangan tartibda tasdiqlangandan so‘ng, ishlab chiqiladigan yagona ish rejasi asosida Kengash faoliyatini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Mazkur yondashuv Jamoatchilik kengashi ishlarini aniq rejalashtirish, mas’uliyatni taqsimlash hamda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali ijrosini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, Jamoatchilik kengashi tarkibi rais, rais o‘rinbosari, kotib va a’zolardan iborat bo‘lib, kengashning qarorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi. Ular davlat organi rahbarining qaroriga asosan tuzilib, unga mehnat faxriylari, obro‘li, jonkuyar va fidoyi fuqarolar, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari jamoatchilik asosida qabul qilinadi.
