#rasmiy_munosabat
2026-02-18 22:55:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida joylashgan Amir Temur majmuasi hududida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va qurilish ishlari tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Mazkur hududda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihasi Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 2025-yil 19–20-mart kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan. Kengashning 5-son bayonnomasining 119-bandi (36-bet)ga muvofiq, Amir Temur maqbarasining pol qismidagi obi g‘ishtlarni almashtirmaslik, yoritish chiroqlarini majmuaning tashqi va ichki qismidagi kundal bezaklarga ziyon yetkazmagan hamda ularni o‘zgartirmagan holda o‘rnatish, tashrif markazining tashqi ko‘rinishini majmuaning me’moriy qiyofasiga moslashtirish shartlari asosida ma’qullangan.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun zamonaviy hamda qulay infratuzilma yaratish, tashrif buyuruvchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda majmua hududida obod va xavfsiz muhitni shakllantirishdan iborat. Barcha ishlar tarixiy obyektni asrab-avaylash tamoyiliga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda. Qurilish va obodonlashtirish tadbirlari Madaniy meros agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi hamda soha mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat ostida olib borilmoqda. Mazkur nazorat mexanizmi yodgorlikka ehtimoliy salbiy ta’sirlarning oldini olishga qaratilgan.
Ish jarayonida qo‘llanilayotgan texnika vositalari va amalga oshirilayotgan ishlar Amir Temur maqbarasining konstruktiv va me’moriy yaxlitligiga putur yetkazmaydi. Aksincha, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar obyektning saqlanishini ta’minlash, tashrif buyuruvchilar xavfsizligini oshirish hamda majmuaning barqaror faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda amalga oshirilayotgan ishlar tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish va rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlarning ajralmas qismi bo‘lib, barcha amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar va muhofaza talablari asosida qat’iy tartibda bajarilayotganligini ma’lum qilamiz.
Ma’lumot uchun, XV asrga oid Amir Temur maqbarasi majmuasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq madaniy meros obyekti sifatida Milliy ro‘yxatga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
