#RASMIY_MUNOSABAT
2026-02-13 17:25:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan To‘qimachilik kombinati poliklinikasi binosi buzilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonuniga muvofiq, davlat muhofazasiga olingan madaniy meros obyektlarini buzish qat’iyan taqiqlanadi.
Shu bilan birga, mazkur obyektni restavratsiya qilish hamda zamonaviy ko‘p tarmoqli poliklinika binosiga moslashtirish bo‘yicha “IMORAT DEVELOPMENT” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha taklifi Ilmiy-ekspert kengashiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan. Hozirda mazkur loyiha Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Ta’kidlash joizki, madaniy meros obyektlariga oid har qanday loyiha takliflari ilmiy asoslangan xulosalar va amaldagi normativ-huquqiy talablar asosida baholanadi. Mazkur masala amaldagi qonunchilik talablari, shuningdek, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha belgilangan tartib-taomillarga muvofiq har tomonlama ko‘rib chiqilib, tegishli xulosa qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Usmon Nosir ko‘chasi, 84-uy manzilida joylashgan To‘qimachilik kombinati poliklinikasi binosi arxitektura yodgorligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq madaniy meros obyekti sifatida Milliy ro‘yxatga kiritilgan hamda davlat muhofazasiga olingan.
