Madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegra loyihasi nusxasini taqdim etish tartibi tasdiqlandi
2026-02-03 16:45:00 / Yangiliklar

Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasida huquqiy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish maqsadida moddiy madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegra loyihasi nusxasini boshqa shaxslarga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–161-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 265-son qarori ijrosini taʼminlash doirasida qabul qilindi.
Yangi nizomga muvofiq, loyiha nusxalarini olish bo‘yicha murojaatlar 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va bepul taqdim etiladi. Ushbu mexanizm madaniy meros obyektlari hududlarida noqonuniy qurilish holatlarini bartaraf etish, raqamli reyestr yuritish va tizimli nazorat o‘rnatishga ko‘maklashadi. Ishlab chiqilgan nizom madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishda tartib-intizom va shaffoflikni ta’minlab, hududlarda ruxsatsiz qurilish holatlarini qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan kelishilgan bo‘lib, 2026-yil 31-yanvardan kuchga kirdi.
