Madaniy meros agentligi vakolatlarini mustahkamlashga doir qonun loyihasi ko‘rib chiqildi
2026-02-03 12:55:00 / Yangiliklar

2026-yil 3-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniy meros agentligi vakolatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasida bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining madaniy meros sohasidagi vakolatlarini aniq belgilash, ularni tizimlashtirish hamda qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.
Xususan, Madaniyat vazirligi hamda Madaniy meros agentligining moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari aniq taqsimlanmoqda. Shuningdek, arxeologik tadqiqotlarini amalga oshirish, tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazish, davlat kadastrini yuritish, muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirish bilan bog‘liq vakolatlarni Madaniy meros agentligiga biriktirish nazarda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini institutsional jihatdan mustahkamlash, amaldagi qonunchilikdagi ziddiyat va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish hamda vakolatli organlar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullanib, ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Senatiga yuborildi.
