Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi Buxoroda bo‘lib o‘tadi
2026-01-09 18:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 12–14-yanvar kunlari Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi Buxoro shahar, Halim Ibodov ko‘chasi, 7-uy manzilida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Yig‘ilish kun tartibiga respublikaning turli hududlarida joylashgan madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish, ta’mirlash va obodonlashtirish masalalari kiritilgan. Shuningdek, YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy hududlar hamda ularning bufer zonalarida qurilish ishlari bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqiladi.
Kengash a’zolari tomonidan Andijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan tarixiy obidalar, arxitektura yodgorliklari va arxeologiya obyektlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qayta tiklash va restavratsiya loyihalari muhokama qilinadi. Kun tartibiga masjid, madrasa, karvonsaroy va ziyoratgohlarni restavratsiya qilish, muzey binolarini qayta qurish, arxeologiya yodgorliklarini muhofaza qilish, shuningdek, turar va noturar joy binolarini qurish hamda qayta qurish bo‘yicha jami 60 ta loyiha kiritilgan.
Ilmiy-ekspert kengashi kun tartibidagi masalalarning to‘liq ro‘yxati bilan Madaniy meros agentligining rasmiy veb-saytida tanishib chiqish mumkin.
