#rasmiy_munosabat
2025-12-20 16:35:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida joylashgan Shohi Zinda majmuasining kirish darvozasi 36 santimetrga og‘gani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi tomonidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra quyidagilar ma’lum qilinadi.
Ayni paytda kirish peshtoqidagi og‘ish holatining sabablari aniqlanmoqda. O‘rganishlar natijasida portal qismining yuqori tomoni (taxminan 45–50 foizi)ni qayta qurish yoki devor konstruksiyalarini mustahkamlash orqali holatni bartaraf etish zarurligi aniqlangan. Konstruktor-loyihachi mutaxassislar ilmiy asoslangan yondashuv asosida obyektni konstruktiv mustahkamlash bo‘yicha loyiha yechimlarini ishlab chiqmoqda.
Shu bilan birga, aniqlangan holat 2004-yilda majmua hududida arxeologik qoldiqlarni saqlash va tiklash maqsadida olib borilgan qazish ishlari hamda atrofdagi yo‘lda transport harakatining yuqori darajasi tufayli yuzaga kelgan rezonans bilan bog‘liq ekani tasdiqlangan. Hozirda loyiha-konstruktorlar transport qatnovining ta’sirini aniqlash bo‘yicha monitoring olib bormoqda. Natijalar asosida konstruktiv mustahkamlash loyihasi ishlab chiqilib, Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Har bir holat Madaniy meros agentligi mas’ullari va mutaxassislar ishtirokida o‘rganilmoqda, jarayonda yodgorlikning texnik holati, konstruktiv mustahkamligi va tarixiy-me’moriy qiymati hisobga olinmoqda. Yakuniy xulosalar asosida portal qismidagi mavjud holatni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar belgilanishi va ishlar Agentlik nazorati ostida amalga oshirilishi ma’lum qilinadi.
Shuningdek, Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish direksiyasi tizimida respublika bo‘ylab 11 ta mintaqaviy restavratsiya markazi faoliyat yuritib, ularda 250 nafarga yaqin malakali usta-restavratorlar madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va tiklash bo‘yicha izchil ishlarni olib bormoqda.
