#rasmiy_munosabat
2025-12-24 16:05:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan “Madaniy meros tizimidagi byurokratiya” sarlavhali postda Madaniy meros agentligi hamda uning huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatiga doir bildirilgan tanqidiy fikrlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Avvalo, Madaniy meros agentligi biror vazirlik tizimiga kirmasligi hamda alohida davlat boshqaruvi organi hisoblanishi ta’kidlanadi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-14-son Farmoniga muvofiq, Madaniy meros agentligi alohida maqomga ega mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida belgilangan va shunga ko‘ra, Madaniy meros agentligi madaniy meros sohasida maxsus vakolatli, mustaqil davlat organi sifatida faoliyat yuritadi. Shu bois, Agentlik faoliyatini “vazirlik tizimiga bo‘ysunadi” yoki “nazorat qilinmaydi” mazmunida talqin qilish huquqiy jihatdan asossizdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 295-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentliginingIlmiy-ekspert kengashi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.
Mazkur Nizomga muvofiq:
• Ilmiy-ekspert kengashi 9 nafar tarix, arxeologiya, me’morchilik, restavratsiya va madaniy meros sohalarida yuqori malakaga ega olim va mutaxassislardan iborat bo‘lishi;
• Kengashga Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursinali Kuziyev raislik qilishi;
• Kengash kollegial, ilmiy-maslahat organi bo‘lib, o‘z faoliyatida ilmiy mustaqillik va xolislik tamoyillariga amal qilishi belgilangan.
Shuningdek, yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq,
Ilmiy-ekspert kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• moddiy madaniy meros obyektlari bo‘yicha loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlariga ilmiy xulosalar berish;
• alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, shuningdek, YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlar (hududlar) bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarning ularning umumbashariy bebaho qiymatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini ta’minlash;
• ushbu hududlarda olib boriladigan qurilish-montaj, restavratsiya va obodonlashtirish ishlarini qat’iy ilmiy asoslar asosida baholash.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka muvofiq Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi alohida kollegial va ilmiy-maslahat organi hisoblanadi. U mustaqil qaror qabul qilish vakolatiga ega. Madaniy meros agentligi direktori yoki uning rahbariyati Kengash a’zolariga ko‘rsatma berish, ularning ilmiy xulosalariga aralashish vakolatiga ega emas. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-177-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 295-son qarori bilan qat’iy belgilangan. Kengash a’zolari o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lib, ular ilmiy xulosalarni mustaqil va kollegial tarzda qabul qiladi, imiy xulosalar faqat qonun hujjatlari va ilmiy mezonlar asosida beriladi.
Postda ko‘rsatilgan 140 dan ortiq tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari asossiz ravishda ko‘rib chiqilmayotgani haqida bildirilgan fikrlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, murojaatlar mazmuniga ko‘ra ariza, shikoyat va taklif turlariga bo‘linadi.
Ma’lumot uchun: Ariza — jismoniy va yuridik shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, muayyan masalani hal etishda yordam so‘rash, shuningdek, ruxsatnoma, xizmat ko‘rsatish yoki ma’lumot olish bo‘yicha beriladigan murojaat hisoblanadi. Shikoyat — davlat organlari, tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning qarorlari, harakatlari yoxud harakatsizligi natijasida buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarni tiklash talabi bilan kiritiladigan murojaatdir. Taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirish, qonunchilikni rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hamda tashkiliy masalalar yuzasidan fikr va tashabbuslarni o‘z ichiga olgan murojaat shaklidir.
Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan murojaatlar xat va unga ilova sifatida loyiha ko‘rinishida taqdim etiladi. O‘z navbatida, kelib tushgan murojaatlarda ko‘rsatilgan loyihalar oddiy bino-inshootlar loyihalari emas, balki madaniy meros obyektlari, umuman olganda tarixiy binolar va ularning muhofaza tegralarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalardir. Shu sababli ushbu murojaatlarni oddiy murojaatlar bilan solishtirish yoki taqqoslash maqsadga muvofiq emas.
Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, ta’mirlash-tiklash yoki konservatsiya qilish yuzasidan ishlab chiqilgan loyihalarni o‘rganib chiqish nisbatan ancha murakkab jarayon hisoblanadi va har bir loyiha alohida ilmiy asoslar, chuqur tahlilni talab qiladi.
Amaliyotda ayrim taqdim etilgan loyihalarda madaniy meros obyektlarining aslligi va bebaho qimmatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jihatlar aniqlangan, bu esa qo‘shimcha ilmiy izlanishlar va muqobil yechimlar ishlab chiqishni taqozo etadi.
Ushbu loyihalarga taalluqli yer maydonlarining aksariyati YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy markazlar hududlarida joylashgan. Shu bois, har bir loyihalashtirilgan yer maydoni bo‘yicha arxeologik tadqiqotlar natijalari olinishi majburiy hisoblanadi.
Bugungi kunda loyihalarda taqdim etilgan yer maydonlari bo‘yicha soha mutaxassislari tomonidan ilmiy o‘rganishlar olib borilmoqda va mazkur holatlarga yuzaki yondashish mumkin emasligi ta’kidlanadi. Chunki ayrim taqdim etilgan loyihalarda:
• obyektning kelib chiqishi, yoshi, me’moriy uslubi va tarixiy funksiyasi to‘liq o‘rganilishi;
• arxiv hujjatlari, tarixiy suratlar, chizmalar va yozma manbalar chuqur tahlil qilinishi talab etiladi.
Shu bois, tarixiy yodgorliklarga zarar yetkazmaslik, ularning aslligi va butligini saqlab qolish maqsadida har bir loyiha bo‘yicha alohida ilmiy yechimlar ishlab chiqish uchun muddat ko‘p talab qilish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ko‘rib chiqilayotgan murojaatlar alohida ilmiy yondashuvni talab etgani sababli, ularni shoshma-shosharlik bilan ko‘rib chiqish madaniy meros obyektlariga qaytarib bo‘lmas zarar yetkazishi mumkin.
Bugungi kunda Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim qilingan loyihalar bo‘yicha ilmiy va amaliy o‘rganish ishlari yakuniy bosqichga kelgan va yaqin muddatlarda barcha loyihalar bo‘yicha Ilmiy-ekspert kengashining xulosalari belgilangan tartibda jamoatchilikka taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda, Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashiga loyiha taqdim etayotgan jismoniy va yuridik shaxslardan loyihalarni ishlab chiqishdan avval ularni puxta va chuqur tahlil qilish, shuningdek, madaniy meros obyektlarining noyob arxitekturasi hamda tarixiy-madaniy ahamiyatiga zarar yetkazmaslik masalasiga mas’uliyat bilan yondashishlarini iltimos qiladi.
Madaniy meros agentligi tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini hurmat qilgan holda, milliy va umumbashariy madaniy merosni asrab-avaylashni ustuvor vazifa deb biladi hamda bu borada ochiq va konstruktiv muloqotga tayyor ekanini bildiradi.
