#RASMIY_MUNOSABAT
2025-12-12 17:00:00 / Yangiliklar

11-dekabr kuni “Xalq nazorati” kanalida e’lon qilingan “Madaniy meros obyekti qaysidir bir amaldorning ko‘ziga yaxshi ko‘rinib qolibdi” sarlavhali xabarda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 8-uyda joylashgan “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ ma’muriy binosi go‘yoki yashirin tarzda xususiylashtirilgani va sotuvga qo‘yilgani haqida iddao qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi mazkur holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
Obyektning huquqiy maqomi va amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlariga doir
O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 20-moddasi 5-bandida “Moddiy madaniy meros obyektini hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish — moddiy madaniy meros obyektining tarixiy-badiiy qimmatini va asralishini o‘zgartirmasdan uning tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan unsurlarini ta’mirlash asosida undan hozirgi zamonda foydalanishga shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlari majmui” moddiy madaniy meros obyektlarini konservatsiyalash, tuzatish, ta’mirlash kabi madaniy meros obyektlarini asrash chora-tadbirlari sifatida belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 295-son qaroriga muvofiq, madaniy meros obyektlariga oid ta’mirlash, restavratsiya va ilmiy-texnik tadqiqot loyihalari faqat Ilmiy-ekspert kengashi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi orqali amalga oshiriladi.
Mazkur obyekt bo‘yicha qabul qilingan qaror o’rnatilgan tartiblarga rioya etilgan holda amalga oshirilgan, ya’ni 2025-yil 29-mayda Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi tomonidan obyektning ta’mirlash loyihasi Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilgan. Ilmiy-ekspert kengashining 2025-yil 22-sentabrda o‘tkazilgan 16-sonli yig‘ilish bayonida, mazkur binoning tashqi fasadini ta’mirlash loyihasi ma’qullangan, biroq deraza atrofida rejalashtirilgan arxitekturaviy elementlar o‘rnatilmasligi shart qilib belgilangan. Bu jarayonlar obyektga doir taklif va tavsiyalar ochiq, huquqiy asosdagi ekspertizadan o‘tganini ko‘rsatadi.
Ta’mirlash jarayonlari ustidan nazorat yuritish kimning zimmasida?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 649-son qaroriga muvofiq, obyektlarda amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlarining sifati va qonuniyligi ustidan nazorat inshoot joylashgan poytaxtimiz, ya’ni Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.
Yuqoridagi ma’lumot va hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, mazkur obyekt sotuvga qo‘yilmagan va xususiylashtirilmagan. Olimlarning vaqtinchalik ko‘chirilishi esa binoning texnik holati, xavfsizlik talablarini ta’minlash hamda ta’mirlash ishlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida amalga oshirilgan. Bu madaniy meros obyektlarini ta’mirlash jarayonida qo‘llaniladigan belgilangan me’yoriy tartib hisoblanadi. Ko‘chirish jarayoni obyektning sotilishi bilan bog‘liq emas, balki qurilish xavfsizligini ta’minlashga doir amaliy choradir.
Madaniy meros agentligi qonunchilik doirasida faoliyat yuritishda davom etadi va milliy madaniy merosimizni muhofaza qilish hamda saqlab qolish borasida o‘z vakolatlarini to‘liq amalga oshiradi. Agentlik obyektning tarixiy-badiiy qiyofasini saqlash hamda ta’mirlash ishlari sifatini ta’minlash bo‘yicha doimiy nazoratni davom ettiradi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan XX asrlarga oid “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ maʼmuriy binosi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
