O‘zbekiston Davlat bayrog‘ining 34 yilligi keng nishonlandi
2025-11-18 17:10:00 / Yangiliklar

18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana munosabati bilan respublika bo‘ylab ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va vatanparvarlik ruhidagi keng qamrovli tadbirlar tashkil etilmoqda. Bayram dasturi mamlakatning barcha hududlarini qamrab olib, davlat ramzlariga hurmat, ehtirom va yurtga sadoqat tuyg‘usini yanada keng targ‘ib etdi.
Buxoro shahrida joylashgan tarixiy “Ark qo‘rg‘oni” maydonida o‘tkazilgan bayramona festival ushbu kunning bosh tadbirlaridan biri bo‘ldi. Festival davomida vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar, ijodiy chiqishlar keng jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi. Sana munosabati bilan “Shahrisabz” davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari hamda tumanning 41-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari hamkorligida “Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin!” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda yoshlar davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, undagi rang va ramzlarning mazmuni borasida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida bayroqlar avtokarvoni o‘tkazilib, tadbir aholida katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar davlat bayrog‘ini nafaqat ramz, balki birligimiz, tinchligimiz va yorug‘ kelajakka bo‘lgan ishonchimiz timsoli sifatida qadrlash lozimligini ta’kidladilar.
Mamlakatimizning barcha hududlarida davom etayotgan ushbu tadbirlar yoshlar ongida davlat ramzlariga hurmat, vatanga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
