Bugun Ilmiy-ekspert kengashi madaniy meros obyektlari bo‘yicha yangi loyihalarni muhokama qiladi
2025-11-13 13:30:00 / Yangiliklar

Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi joriy yilning 13-noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan 16 ta madaniy meros obyekti bo‘yicha ta’mirlash, tiklash va restavratsiya loyihalari muhokamaga qo‘yiladi.
Ushbu yig‘ilishda masjid, madrasa, maqbara, karvonsaroy, uy-muzey va arxeologik yodgorliklarni restavratsiya qilish, ularni saqlash, shuningdek, ayrim obyektlarda muzeylashtirish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Muhokamalar jarayonida har bir loyiha bo‘yicha tegishli hududiy boshqarmalar va loyiha mualliflari tomonidan tayyorlangan dastlabki xulosalar asosida ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilish yakunida madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, ularning tarixiy qiyofasini saqlab qolish va ilmiy asosda tiklash bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi. Ilmiy-ekspert kengashining mazkur majlisi kun tartibidagi masalalarning to‘liq ro‘yxati bilan Madaniy meros agentligining rasmiy veb-sahifasida tanishish mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024-yilning 20-may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unga muvofiq, Kengash vakolatlari doirasiga moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlarning loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlari, ularda rejalashtirilgan asrashga doir ishlarni obyektning tarixiy-madaniy ahamiyati hamda noyobligiga putur yetkazmagan holda texnologiya va materiallarning qo‘llanilishi bo‘yicha tegishli xulosalar berishga doir qator vazifalar belgilangan.
