Yaqin tarix sahifalarida. Magadan iztiroblari
2024-04-19 14:30:00 / Yangiliklar

Yaqin tarix sahifalarida. Magadan iztiroblari
Koson tumanidagi Guvalak qishlogʻida yashovchi oddiy dehqon Norboʻta ota va Shodmon aya xonadonida dunyoga kelgan toʻngʻich farzandga yaxshi niyat ila Xushvaqt deya ism qoʻyishdi.
Yosh Xushvaqtning oʻquvchilik yillari Ikkinchi jahon urushiga toʻgʻri keldi. Qiyinchiliklarga qaramay, ota-onasi uning oʻqishiga jiddiy eʼtibor qaratdi. Tumandagi 35-maktabning 7-sinfini tugatgan Xushvaqt jamoa xoʻjaligida ishlash bilan birga, kechki maktabda tahsil olib, tayanch maʼlumotga ega boʻldi.
Bilim olishga, oʻqishga boʻlgan ishtiyoq 1952-yilda uni Toshkent yuridik institutiga yetakladi. Shu yili imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, oliygoh talabasi boʻldi. Institutni tugatgach, uni yoʻllanma bilan ichki ishlar organiga ishga joʻnatishdi.
Ilk xizmat faoliyatini 1956-yilda Qarshi shahar IIB tezkor vakili lavozimida boshlagan yosh xodim oliy oʻquv yurtida olgan bilimini amaliyotda qoʻllab, tajriba va malakasini oshirdi. Oʻz ishiga boʻlgan talabchanlik va qiziqishni sezgan rahbariyat Xushvaqt Norboʻtayevni 1957-yilda sobiq ittifoq IIV Oliy maktabining Tbilisi filialiga oʻqishga joʻnatadi.
Oʻqishdan bilim va malakasini oshirib qaytgan Xushvaqt Norboʻtayev viloyat IIB JQB Davlat mulkini talon-toroj qilishga qarshi kurashish boʻlimi (OBXSS) tezkor vakili lavozimida xizmatni davom ettirdi. Shu boʻlimda katta tezkor vakil, viloyat IIB Tergov boʻlimi tergovchisi, katta tergovchisi kabi masʼuliyatli vazifalardagi xizmat faoliyati ham samarali kechdi.
Oʻtgan asrning 60-yillarida viloyat markazida kriminogen vaziyat ogʻirlashgan, jinoyatchilik koʻpaygan edi. Shuni hisobga olgan rahbariyat 1960-yili tajribali xodim Xushvakt Norboʻtayevni Qarshi shahar IIB Jinoyat-qidiruv boʻlimi tezkor vakili etib tayinlaydi. U 1969-yilga kadar katta tezkor vakil lavozimida ayni shu boʻlimda xizmat qilib, koʻplab jinoyatlarni fosh etishga katta hissa qoʻshdi. Soʻngra kadrlar taqchilligi bois Qarshi shahar IIBda tergovchi, katta tergovchi, tergov boʻlinmasi boshligʻi kabi lavozimlarda ishlab, yoshlarga kasb sirlarini oʻrgatishda jonbozlik koʻrsatdi.
Kasbiy mahorat va tajribada hamkasblariga oʻrnak Xushvaqt Norboʻtayevga yanada katta ishonch bildiriladi — u viloyat IIB Tergov boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlanadi. Keyinchalik Qamashi tumani hamda Qarshi shahar ichki ishlar boʻlimlarida boshlik lavozimlarida xizmat qilib, kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida hamkasblariga ibrat boʻldi.
X. Norboʻtayev 1975—1979-yillarda viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida samarali faoliyat yuritdi. 1979-yili viloyat IIB boshligʻi etib tayinlangach, mazkur lavozimda ishlagan davrda, yaʼni 1979—1984-yillarda qonunbuzarliklarga barham berish, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash borasida ijobiy natijalar koʻlga kiritildi. Yanada eʼtiborlisi, ayni shu davrda Chiroqchi, Kitob, Kasbi, Mirishkor, Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahar IIBlari uchun yangi binolar qurildi. Shaxsiy tarkibni xizmat avtomashinalari, aloqa vositalari bilan taʼminlash ishlariga shaxsan oʻzi tashabbuskor va bosh-qosh boʻldi.
— Xushvakt Norboʻtayev viloyat IIBga rahbar etib tayinlanganida men boshqarma navbatchilik qismi boshligʻi lavozimida ishlardim, — deydi isteʼfodagi podpolkovnik Xudoyor Botirov. — Uning jinoyatlarning oldini olish va sodir etilganlarini fosh etish borasidagi kasbiy bilimi, malakasi juda kuchli edi. Shu bilan birga, xodimlar oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, yosh xodimlarga kasb sirlarini oʻrgatish, kasbga sadoqat tuygʻusini shakllantirishda oʻziga xos tajriba maktabini yaratgandi.
1982-yil 3-noyabr kuni Xushvaqt Norboʻtayevga «militsiya general mayori» maxsus unvoni beriladi. Qolaversa, xizmat yillari davomida II, III darajali «Benuqson xizmatlari uchun» «Aʼlo xizmatlari uchun», «Ichki ishlar vazirligida xizmat koʻrsatgan xodim» koʻkrak nishonlari bilan taqdirlanadi.
Sobiq ittifoq prokuraturasining 19831989-yillarda Oʻzbekistonda tergov oʻtkazgan tergovchilari T. Gdlyan va V. Ivanov tomonidan «Paxta ishi», «Oʻzbek ishi» deb nomlangan uydirmalar asosida olib borilgan qatagʻonlar, afsuski, general mayor Xushvaqt Norboʻtayevni ham chetlab oʻtmadi. U sobiq ittifoq IIV buyrugʻi bilan 1984-yil 3-oktyabrda lavozimidan ozod qilindi va tergovga tortildi. Keyingi yilning 9-avgust kuni esa qamoqqa olindi.
Sobiq ittifoq Oliy Sudi harbiy kollegiyasining 1988-yil 30-dekabrdagi hukmi bilan Xushvaqt Norboʻtayev «militsiya general mayori» maxsus unvonidan mahrum qilinib, oʻsha paytdagi Ichki ishlar vaziriga pora berish aybi qoʻyilib, 10-yilga ozodlikdan mahrum etish, mol-mulkini davlat foydasiga musodara qilish, jazoni kuchaytirilgan koloniyada oʻtash boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortildi.
— Otam qamoqqa olinganida 11 yoshli bola edim, — deydi uning oʻgʻli Dilshod Norboʻtayev. — Oʻsha mashʼum kunlar kechagidek yodimda: gdlyanchilar bizga ham zugʻum oʻtkazishdi, onam va otamning boshqa qarindoshlari, yaqinlari tazyiqqa olindi. Ular hatto meni ham ikki marta tergovga chaqirib, «Otangning yashirgan pullari qani, tilla buyumlari qayerda?» deb soʻroq qilishdi. Endi, rahmatli padari buzrukvorimga qilingan qiynoq va zugʻumlarni, uning Magadanda oʻtgan iztirobli, ogʻir yillarini tasavvur qilavering…
X. Norboʻtayev jazoni Rossiyaning Magadan shahridagi jazoni ijro etish muassasasida oʻtab, 1992-yil 8-iyunda ozodlikka chiqadi.
Istiqlol sharofati tufayli adolat qaror topdi. Oʻzbekiston Oliy Sudining 1994-yil 9-sentyabrdagi hukmi bilan Xushvaqt Norboʻtayevga qoʻyilgan ayblov bekor qilinib, oqlandi.
Xushvaqt Norboʻtayev ozodlikka chiqqandan soʻng, 1995-yilda «Adolat» advokatlik byurosini ochib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida samarali xizmat qildi. U adolatsizlik bilan aslo murosa qila olmas, qolaversa, tabiatan mehribon va oqkoʻngil inson edi. Shu bois ham, kim unga biror yordam soʻrab murojaat qilsa, maslahatini, koʻmagini ayamasdi.
Ming taassufki, qatagʻon zulmi asoratlari, ayniqsa, Magadan iztiroblari mohir rahbar, malakali huquqshunos X. Norboʻtayevning salomatligiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Olgan ruhiy va jismoniy tazyiqlar tufayli 2008-yilda olamdan oʻtdi.
Xushvaqt Norboʻtayev turmush oʻrtogʻi Hikmat aya Barajabova bilan ikki farzand — bir oʻgʻil, bir qizni tarbiyalab, komil insonlar etib voyaga yetkazishdi. Butun umrini, bor kuch va salohiyatini xalq osoyishtaligiga bagʻishlagan fidoyi insonning xayrli ishlarini bugun yurtimiz ravnaqi yoʻlida mehnat qilayotgan uning farzandlari, nabiralari davom ettirmoqda.
Sodiq Rahimov, oʻz muxbirimiz. «Postda»
Qashqadaryo viloyati
