“Namunali oila” koʻrik-tanlovining Namangan viloyat bosqichi oʻtkazildi
2024-04-19 13:55:00 / Yangiliklar

Oila muqaddas maskan. Uning mustahkamligini taʼminlash, farzandlar uchun sogʻlom muhitni yaratishda ayol va erkakning birgalikdagi harakati muhim ahamiyatga ega. IIO tizimidagi xodimlar orasida ham “Sogʻlom oila-sogʻlom jamiyat” gʻoyasini keng tatbiq etish maqsadida Namangan viloyati IIB MMI va KBTX tomonidan boshqarma va uning sohaviy xizmat hamda hududiy boʻlimlarida faoliyat olib borayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Namunali oila” koʻrik tanlovining viloyat bosqichi oʻtkazildi.
Davlatobod tumanidagi Madaniyat markazida boʻlib oʻtgan koʻrik tanlovda jami 12 nafar xodimlar va ularning oilalari ishtirok etishdi. Ishtirokchilar 10 ballik tizim asosida jami 3ta shart boʻyicha bellashdilar.
Birinchi shart yaʼni “Tanishtirish” shartida har bir jamoaning barcha aʼzolari ishtiroki taʼminlanib, milliy raqs, sheʼr, qoʻshiq, sahna koʻrinishlari asosida ishtirokchilar oilalari toʻgʻrisida maʼlumot berishdi. Tadbirga oʻzgacha ruh va kayfiyat ulashgan birinchi shart ijrosidan barcha ishtirokchilar tanlovda yuqori ballga ega boʻlish uchun uyushqoqlik bilan tayyorlanishganini anglab olsa boʻladi.
Ikkinchi shart esa “Mening oilam” sharti. Bunda ishtirokchilar oilada, ishda, mahalladagi roli, turmush tarzi, farzandlarining bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlari toʻgʻrisida hikoya qiluvchi fotoalbom hamda videoroliklarini taqdim etishdi. Taʼkidlash joizki, bu shartda ham jamoalar bor imkoniyatlarini namoyon etishga harakat qilishdi.
Har bir shart nufuzli hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi. 3-shartda esa ishtirokchilar oʻzbek va jahon adabiyoti namoyondalari qalamiga mansub asarlardan keltirilgan savollarga bilet tortish usulida javob berishdi.
Koʻrik tanlov yakunida boshqarma boshligʻi oʻrinbosari polkovnik Faxriddin Rahmatov soʻz olib, bu kabi tadbirlar tizimda mehnat qilayotgan xodimlarning oilasida jipslikni, hamjihatlik, ahillik va mehr-oqibat tuygʻularini yanada jonlantiribgina qolmay, ayni shu ishtirokchilardan oʻrnak, namuna oluvchi oilalar soni ortishida ham asosiy omil boʻlishini taʼkidladi.
Zukkolik va tezkorlikni talab qilgan koʻrik tanlov qizgʻin lahzalarga boy oʻtdi. Yakuniy natijalarga koʻra 3-oʻrin Norin tumanidan Islomovlar oilasiga, 2-oʻrin Kosonsoy tumanidan Sayfiddinovlar oilasiga nasib etdi. Faxrli 1-oʻringa esa viloyat IIB JXX YHXBdan Tursunovlar oilasi loyiq koʻrildi. Gʻoliblarga pul mukofotlari hamda esdalik sovgʻalari taqdim etildi. Bundan tashqari barcha ishtirokchilar turli nominatsiyalar bilan ragʻbatlantirildi. Eslatib oʻtamiz 1-oʻrin egalarini oldinda koʻrik tanlovning Respublika bosqichi kutmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati





