Andijon viloyatida bitiruv oldi amaliyotini oʻtayotgan kursantlar va IIV Andijon akademik litseyi bitiruvchilarining ota-onalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi
2024-04-19 12:20:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 18-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Taʼlim muassasalari boʻyicha boʻlimi hamda Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar organlarida bitiruv oldi amaliyotini oʻtayotgan IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim 3-bosqich kursantlari bilan xizmat intizomi va qonunchilikka toʻliq rioya etish hamda amaliyot davrida turli koʻngilsiz hodisalarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda kursantlarga amaliyot davomida belgilab berilgan vazifalarni toʻliq ijro etishlari, oʻzlariga biriktirilgan malakali xodimlar yordamida yetarli amaliy koʻnikmalarni egallashlari toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tadbirning davomi sifatida tashrif buyurgan rahbariyat ishtirokida IIV Andijon akademik litseyi 2-bosqich bitiruvchilari hamda ularning ota-onalari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida ota-onalarga farzandlarining kelgusida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari masalasida turli aldovlarga uchmasliklari, moddiy manfaatlar evaziga farzandini oʻqishga kiritib qoʻyishini bildirayotgan firibgarlarga ishonmasliklari, farzandlari oʻzining bilimlari bilan sinovlar asosida odillik va shaffoflik prinsiplari asosida oʻqishga qabul qilinishlari toʻgʻrisida tushunchalar berib oʻtildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati



