Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi
2025-10-31 15:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ichki ishlar organlari xodimlari, prokuratura va adliya tizimi vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida korrupsiya holatlarining oldini olish, tizimda ochiqlik, shaffoflik va masʼuliyatni kuchaytirish, xizmat intizomini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, deputatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov oʻz chiqishida ushbu masalaga alohida toʻxtalib, korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga eng katta toʻsiqlardan biri ekanligi, uning ildizini kesish uchun faqat jazolash emas, balki halollik, vijdonlilik va masʼuliyat madaniyatini har bir sohada qaror toptirish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, davra suhbati davomida deputatlar tomonidan “Halollik vaksinasi”, “Korrupsiyasiz tizim sari” kabi targʻibot tashabbuslarini joylarda keng joriy etish, xodimlarning axloqiy masʼuliyati va fuqarolarga xizmat madaniyatini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Mazkur uchrashuv ochiq muloqot ruhida oʻtib, unda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida tegishli sohalarda amaliy ishlarni kuchaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati






