Xizmatlarda. “Havo darvozasi” xavfsizligi ishonchli qoʻllarda
2025-10-30 23:00:00 / Yangiliklar

Keyingi yillarda Fargʻona viloyatining sayyohlik salohiyati sezilarli darajada oshdi. Birgina 2024 2025-yillar davomida oʻtkazilgan xalqaro va respublika miqyosidagi 65 ta festival, forum va boshqa ommaviy tadbirlar davomida viloyatga 3 milliondan ortiq mahalliy, 1 millionga yaqin xorijlik sayyohlar tashrif buyurdi.
Aksariyat xorijlik mehmonlar viloyatga Fargʻona xalqaro aeroporti orqali kirib keladi. “Havo darvozasi” deya taʼriflanadigan ushbu aeroportdan bir kunda Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi davlatlarga oʻndan ortiq reyslar amalga oshiriladi. Bu aeroport kuniga 1000 nafar-dan 2000 nafargacha yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatadi degani.
Fargʻona viloyati TXTB Fargʻona aeroportida xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasi xodimlari jamoat tartibini saqlash hamda yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash borasida tunu kun hushyorlikda xizmat olib bormoqda.
Viloyatimizga kirib kelayotgan xorijlik mehmonlar birinchi taassurotni aeroportdan oladilar, — deydi boʻlinma boshligʻi, mayor Shohruh Husanboyev. — Shu bois uzoq-yaqindan keluvchi turli millat va elat vakillarini oʻzbekona lutf bilan “Xush kelibsiz” deya qarshi olishadi.
Xushmuomala boʻlib, ularga oq yoʻl tilaydilar. Albatta, bunda jamoat tartibini saqlash, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlashga birinchi galdagi vazifa sifatida qaraladi.
Yaqinda Fargʻona shahri yana bir nufuzli xalqaro anjuman “Fargʻona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yoʻlida saʼy-harakatlarni birlashtirish” mavzusidagi tinchlik forumiga mezbonlik qildi.
Forumga MDH, Markaziy Osiyo, Yevropa, Amerika qitʼasi va arab mamlakatlaridan 200 nafardan ziyod siyosatchilar, olimlar, ekspertlar tashrif buyurdi.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi maʼruzasida Markaziy Osiyoni tinchlik va yaxshi qoʻshnichilik makoniga aylantirish boʻyicha qator taklif hamda tashabbuslarni ilgari surgan edi.
Mazkur Tinchlik forumi Yurtboshimiz tomonidan jahonning oliy minbaridan turib bildirilgan takliflarining amaldagi ifodasi sifatida, zoʻr uyushqoqlik bilan oʻtkazildi. Shu bois unga dunyo jamoatchiligining eʼtibori katta boʻldi.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
