25-oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Nigohlar sirlarni oshkor qiladi
2025-10-26 23:00:00 / Yangiliklar

Tergovchi jinoyatni ochish, asl holatni aniqlash va adolatni qaror toptirishda har bir jinoyat ishini sinchkovlik bilan oʻrganishi, voqea-hodisalarning asl sabablarini aniqlashi zarur. Buning uchun nafaqat bilim, malaka va tajriba, balki kasbga sadoqat va halollik ham talab etiladi.
Kattaqoʻrgʻon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tergovchisi katta leytenant Mamur Roʻzimurodov tergov jarayonlarida har bir holatni chuqur tahlil qiladi, dalillarni puxta oʻrganadi va oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashadi. Shuning uchun ham unga topshirilgan koʻplab jinoyat ishlari tezda ochilib, haqiqat qaror topgan.
Katta leytenant Mamurjon padari buzrukvori Roʻzimurod Joʻrayevga havas qilib shu sohani tanlagan.
- Ustozim — dadam, ulardan sohaga doir koʻp narsalarni oʻrgandim, hozir ham ayrim masalalarda yordam soʻrab turaman, — deydi lavhamiz qahramoni.
Mamur Roʻzimurodov vazifasiga vijdonan yondashadi, jabrlanuvchilarning qonuniy haq-huquqlarini tiklash uchun bor bilim va tajribasini ishga soladi. Shiori — haqiqatni topish orqali adolatni qaror toptirish. Shuning uchun baʼzan «oʻrtaga tushib» yordam soʻrovchilarga ham masalani men emas, qonun hal qiladi, deb javob qaytaradi.
Oʻtgan yil oktyabr oyida Abdulla Bobomurodov (ism-sharifi oʻzgartirildi) qarindoshining uyida koʻp pul va tilla taqinchoqlar borligini bilib, uyiga oʻgʻirlikka tushadi. Xonadonga kalit tanlash yoʻli bilan kirib, jinoyat izlarini yashirish uchun uyni elektr tarmogʻidan uzib qoʻyadi. Hatto uydagi videokuzatuv moslamasini yulib olib, quduqqa tashlab yuboradi. Yotoqxona eshigi va seyfni bolta bilan sindirib, undan 65.000 AQSH dollari miqdoridagi pul va ogʻirligi 700 gramm boʻlgan turli xildagi tilla taqinchoqlarni olib ketadi.
Tergov jarayonida Abdulla Bobomurodov holatni yashirishga, tergovchini aldashga va chalgʻitishga harchand urinmasin jinoyat fosh etildi. Katta leytenant Mamur Roʻzimurodov har bir guvohning koʻrsatmalarini obdan oʻrgandi. Eʼtibordan chetda qolgan mayda detallarga ham jiddiy ahamiyat qaratdi. Voqea joyida qolgan izlar, olingan fotosuratlar va boshqa ashyoviy dalillar toʻplangach, aybdorning sodir etgan jinoyatini tan olishdan boshqa chorasi qolmadi.
- Tergovchiga gumondorning soʻzlaridan koʻra, uning yuzi, qarashi koʻproq narsani aytadi, nigohlar yashirin sirlarni oshkor qiladi. Ustozim — Tergov boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Nabi Egamberdiyevning bu oʻgitiga amal qilib yanglishmayapman, — deydi lavhamiz qahramoni.
Umida MAMADALIYEVA, oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
