IIV Akademiyasi ishchi guruhi tomonidan kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan mahallalar uchun amaliy mahorat mashgʻulotlari tashkil etildi
2025-10-18 09:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatida jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning osoyishtaligini taʼminlash va mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi ishchi guruhi tomonidan keng koʻlamli amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi.
Mazkur mashgʻulotlar Buxoro shahridagi “S.Ayniy”, “N.Ganjaviy”, “A.Donish”, “Shayxul olam” hamda Gʻijduvon tumanida joylashgan “Pamʼoza” mahallalarida oʻtkazildi. Ushbu hududlar jinoyatchilik darajasi nisbatan yuqori boʻlgan, ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish dolzarb boʻlgan mahallalar sifatida tanlab olindi.
Tadbir davomida IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 801-sonli “«Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorining mazmun-mohiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ–1-sonli hamda 2025-yil 18-avgustdagi PQ–253-sonli qarorlari asosida ijtimoiy profilaktika tizimini tashkil etish yoʻnalishlari, 2025-yil 10-sentyabrdagi PF–163-sonli “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon mazmuni, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston Respublikasi Mahallalari uyushmasi hamda Davlat soliq qoʻmitasining 2025-yil 11-avgustdagi “Mahallalarni kriminogen vaziyatdan kelib chiqib toifalash va jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan profilaktik tadbirlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorining mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumotlar yetkazildi.
Mashgʻulotlar jarayonida ishtirokchilarga jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy yondashuvlar, psixologik tahlil usullari, profilaktik suhbatlarni samarali oʻtkazish texnikasi hamda aholining huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha ilgʻor tajribalar namoyish etildi.
Eng muhimi, oʻtkazilgan mashgʻulotlar “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida tashkil etilib, har bir muammo ilmiy tahlil qilindi, aniqlangan xulosalardan kelib chiqib amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi hamda joylarda natijadorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, har bir mahallaning kriminogen holati oʻrganilib, joylardagi ijtimoiy muhit tahlil qilindi, mavjud muammolar boʻyicha aniq taklif va yoʻnalishlar ishlab chiqildi.
IIV Akademiyasi mutaxassislari tomonidan mahalla yetakchilari, profilaktika inspektorlari va yoshlar faollariga amaliy koʻmak berildi.
Mazkur tashabbus “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini hayotga tatbiq etish, ijtimoiy profilaktika tizimining samaradorligini oshirish hamda jinoyatchilikning ildizini barvaqt bartaraf etishga qaratilgan amaliy ishlarning uzviy davomidir.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati







