“Xavfsiz hudud” Osoyishtalikka zamin
2025-10-17 08:30:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilayotgan tezkor profilaktik tadbir doirasida barcha yoʻnalishlarda xizmat qilayotgan xodimlar jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida 76 foiz aholi xonadonlari, 56 ta mehmonxonada pasport-viza rejimi tadbirlarini oʻtkazib, 3792 ta maʼmuriy huquqbuzarlikni aniqlashdi. Profilaktik hisobda turgan, ilgari sudlangan 1149 nafar shaxsning qariyb 93 foizining turmush tarzi oʻrganilib, yakka tartibda profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, ayrimlariga nisbatan maʼmuriy nazorat oʻrnatildi. Shu bilan birga, probatsiya hisobidagi 89 foiz shaxslarning yashash va ish joylari tekshirilib, mehnat yarmarkalarida 241 nafarining bandligi taʼminlandi.
Bundan tashqari, taʼlim muassasalarida «Davomat» tadbirlari oʻtkazilib, muntazam dars qoldiruvchi oʻquvchilar maktabga qaytarildi. Ota-ona nazoratidan chetda qolgan 38 nafar oʻgʻil-qiz Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirildi.
«Tigʻ» tadbirlari davomida koʻcha va jamoat joylarida fuqarolardan 272 ta oʻtkir tigʻli va boshqa sovuq qurollar aniqlab olindi. Olib borilgan tushuntirish va targʻibot ishlari natijasida yurtdoshlarimiz ixtiyoriy ravishda 13 ta ov quroli va 8 ta oʻq-dorini ichki ishlar boʻlimlariga topshirdi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 12 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. 19 nafar bedarak yoʻqolgan shaxs topildi va oilasi bagʻriga qaytarildi. Giyohvandlik moddalarini yetishtirish, saqlash va sotish hamda psixotrop vositalar bilan bogʻliq 11 ta holat aniqlanib, zahri qotil «shaydolari»dan 9476,2 gramm giyohvandlik vositalari olib qoʻyildi.
Yoʻl harakati xavfsizligi bilan bogʻliq qariyb 10 mingga yaqin maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlandi. Ular orasida avtotransport vositalarini mast holda boshqarish, qizil chiroqda oʻtish, tegishli hujjatlarsiz transport vositalarini boshqarish hamda davlat raqam belgilarini yechib harakatlanish kabi qoidabuzarliklar ham bor.
Sodiq RAHIMOV, oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.
