Yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish yoʻlida — “Jasorat maktabi”da navbatdagi oʻquv yigʻini oʻtkazildi
2025-10-17 07:55:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati hududida istiqomat qilib kelayotgan, profilaktik hisobda turuvchi ogʻir toifaga kiruvchi hamda uyushmagan yoshlar oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini shakllantirish, ularni sogʻlom muhitda tarbiyalash maqsadida “Jasorat maktabi”ning navbatdagi oʻquv yigʻini tashkil etildi.
Tadbir Jarqoʻrgʻon tumanidagi harbiy qismda boʻlib oʻtdi. Unda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Timur Ismailov ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy muloqot qildi. Uchrashuv davomida boshqarma boshligʻi yoshlarga Vatanga muhabbat, fidoyilik va masʼuliyat hissini yuksaltirish, toʻgʻri yoʻldan borish hamda jamiyatda oʻz oʻrniga ega inson boʻlib yetishish haqida hayotiy misollar asosida samimiy suhbat oʻtkazdi.
Shuningdek, Boshqarma boshligʻi yoshlar uchun harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy oʻquv mashgʻulotlar jarayoni va qism muzeyi bilan yaqindan tanishdilar. Ular uchun bilim va kasb-hunar egallashga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar, sport musobaqalari hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.
Oʻquv yigʻini jarayonida yoshlar oʻz bilim va saviyalarini oshirish, vatanparvarlik hissini mustahkamlash hamda hayotda toʻgʻri qaror qabul qilish koʻnikmalarini shakllantirish imkoniga ega boʻldilar.
Uchrashuv yakunida, oʻzlarining iqtidori hamda tashabbuskorligi bilan faollik koʻrsatgan yoshlarga boshqarma boshligʻi tomonidan badiiy kitoblar toʻplamlari topshirildi.
Bunday tashabbuslar yoshlarni sogʻlom hayot tarziga yoʻnaltirish, ularni jamiyatga foydali fuqarolar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









