Ichki ishlar tizimida sportning voleybol turi boʻyicha “Vazir kubogi” musobaqasiga start berildi
2025-10-16 11:50:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tarkibiy va hududiy boʻlinmalari oʻrtasida sportning voleybol turi boʻyicha anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Vazir kubogi” musobaqasining hududiy saralash bosqichiga start berildi.
Bellashuvlarning “D” guruhidan oʻrin olgan jamoalar — Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi, Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi, Qorovul qoʻshinlari hamda Jazoni ijro etish departamentining voleybol jamoalari boʻlib, musobaqa Surxondaryo viloyati mezbonligida qizgʻin tarzda boshlandi.
Tadbirning ochilish marosimida sportchilarga musobaqada omad tilab, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, jismoniy tayyorgarlikni oshirish hamda ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashda bunday musobaqalarning ahamiyati katta ekani taʼkidlandi.
Ayni paytda bellashuvlar yuqori kayfiyat va sogʻlom raqobat muhitida davom etmoqda. Har bir jamoa “Vazir kubogi”ning final bosqichiga yoʻllanma olish uchun barcha mahoratini namoyish etmoqda.
Musobaqaning gʻolib jamoalari respublika bosqichiga yoʻllanmani oladi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati









