Namangan viloyati IIB rahbariyati jamoat xavfsizligi xizmatining bir qator yoʻnalishlari faoliyatini oʻrgandi
2025-10-16 11:05:00 / Yangiliklar

Boshqarma boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan shahar va tuman IIBlarining kunduzgi hamda tungi xizmat faoliyati oʻrganilishi bilan bir qatorda, boshqarma tarkibidagi sohaviy xizmatlarning ham faoliyati samaradorligi tahlil etilmoqda.
Jumladan, bugun boshqarma boshligʻi tomonidan jamoat xavfsizligi xizmatining Kinologiya boʻlinmasi, Maxsus qabulxona hamda Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining faoliyati va yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.
Dastlab, Kinologiya boʻlinmasidagi xizmat itlarini saqlash pitomnigi faoliyati bilan tanishilib, u yerdagi xizmat itlarining saqlanish sharoitlari va mashgʻulot jarayonlari koʻzdan kechirildi. Jinoyatlarni fosh etish va aniqlash jarayonida xizmat itlaridan yanada samarali foydalanish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, oʻrganish ishlari Jamoat tartibini saqlash boshqarmasining Maxsus qabulxonasida davom ettirilib, u yerda xavfsizlik chora-tadbirlari, saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati oʻrganildi.
Bundan tashqari, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi faoliyati ham koʻrib chiqilib, Maʼmuriy amaliyot markazi masʼul xodimlariga aholiga sifatli va tezkor xizmat koʻrsatish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shu bilan birga, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha masʼul rahbarlarning taqdimotlari tinglandi.
Bu kabi oʻrganish ishlari belgilangan reja asosida tizimli va izchil tarzda davom ettirilib, jamoat xavfsizligini taʼminlash, xizmat intizomini mustahkamlash hamda faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









