Jarayon. Mavsum betalafot oʻtsin deb
2025-10-14 23:00:00 / Yangiliklar

Hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda kuz-qish mavsumida aholiga sifatli kommunal xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsadida Navoiy viloyati IIB boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan olis Zarafshon shahri, Tomdi va Uchquduq tumanlarida oʻrganishlar olib borildi.
Dastlab Zarafshon shahriga kiraverishdagi muntazam YPX maskanida xizmat olib borayotgan xodimlar faoliyati oʻrganildi. Shundan soʻng shahar IIB Vaziyatlar markazi, Navbatchilik qismi, tergov-tezkor guruhi faoliyati, “102” qisqa raqamiga kelib tushgan ariza va shikoyatlar bilan tanishildi.
Masʼullarga jinoyat va huquqbuzarliklarning hamda yoʻl- transport hodisalarining oldini olishda yangi bosqichga oʻtish, tizimda samaradorlikni oshirish boʻyicha koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Shahar Tibbiyot birlashmasida esa bemorlarning davolanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, isitish tizimining sozligi koʻzdan kechirildi. Shundan soʻng shahardagi koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarni isitishga masʼul boʻlgan “Issiqlik manbai” korxonasida mavsumiy shtab faoliyati, ish hajmi, zaxira omborlari va tayyorgarlik darajasi oʻrganildi. Mutasaddilarga mavsumni betalafot oʻtkazish boʻyicha bir qator tavsiyalar berildi.
Keyingi manzil Tomdi tumanidagi kriminogen vaziyati boʻyicha qizil toifaga kiritilgan “Sharq” ovul fuqarolar yigʻini boʻldi. Bu yerda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, koʻrilgan chora-tadbirlar bilan tanishildi.
Shuningdek, hududdagi 16-sonli umumtaʼlim maktabi va oilaviy poliklinika binolarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, moddiy-texnik zaxiralari, isitish tizimi bilan tanishildi.
Uchquduq tumanida viloyat IIB boshligʻi nazorat postida xizmatga jalb etilgan hamda tuman IIB xodimlari bilan uchrashdi. Tuman aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatuvchi Markaziy shifoxona hamda 36-sonli oilaviy poliklinika binosining mavsumga tayyorgarligi koʻzdan kechirildi.
Masʼullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish lozimligi uqtirildi.
©️ “Postda” gazetasi, Mahliyo Xolova, Navoiy viloyati.
