Probatsiya xizmati. Nazorat ostidagilar uchun mehnat yarmarkasi
2025-10-14 07:40:00 / Yangiliklar

Uchqoʻrgʻon tumanida probatsiya nazoratida turgan shaxslarni bandlikka yoʻnaltirish, ularni jamiyatga moslashtirish, munosib hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida navbatdagi mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tuman IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya guruhi hamda tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamkorligida oʻtkazilgan mazkur tadbirda nazorat ostidagi shaxslarga turli yoʻnalishlarda ish oʻrinlari taklif etildi. Shuningdek, mutaxassislar ularga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha oʻqish imkoniyatlari va kasbiy yoʻnalish berish masalalarini ham tushuntirib oʻtishdi.
Mehnat yarmarkasi yakunida ikki nafar fuqaro — Alisher Abdurahmonov va Davron Oʻrozbekov doimiy ishga joylashtirildi. Shu bilan birga, Sarvar Abdulazizov, Akram Esonov, Muzaffar Komiljonov ish izlovchi sifatida roʻyxatga olindi.
Tashkil etilgan bunday tadbirlar probatsiya nazoratida turgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularning foydali mehnat orqali hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashadi. Shu orqali huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va sogʻlom muhitni shakllantirishda muhim amaliy qadam qoʻyilmoqda.
Jahongir TOʻXTASINOV, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
