Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Buxoro viloyatida ishchi guruh tekshiruvi yakuni boʻyicha muhokama yigʻilish oʻtkazildi
2025-10-13 12:21:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov boshchiligida oʻtkazilgan tadbirda, respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatdagi oʻrganish yakunlariga koʻra, har bir shahar va tuman kesimida jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining murojaatlari bilan ishlash, ularga xizmat koʻrsatish, jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, shuningdek xodimlarning ijro hamda xizmat intizomiga rioya etish masalalari tanqidiy muhokama qilindi.
Unda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari va oʻrinbosarlari ishtirok etdi. Yigʻilishda ichki ishlar organlari xizmatining joriy holati, faoliyat samaradorligi, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi, xizmat intizomi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar toʻliq tahlil etildi.
Yigʻilish davomida, davlat rahbarining mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha topshiriqlarini amaliyotga tatbiq etish doirasida, masʼullar tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini har kuni tashkil etish, aholi oʻrtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasizlik hissini kuchaytirish choralari koʻrilayotgani hamda jinoyatchilikni mahalla yettiligi ishtirokida “mahallabay” tamoyili asosida jilovlash mexanizmi yaratilgani bir qator hududlarda ijobiy natija berayotganligi alohida qayd etildi.
Yigʻilishda mutasaddilarning hisobotlari hamda takliflari tinglandi, viloyat IIB hamda tuman-shahar ichki ishlar boʻlinmalarining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash hamda yechimini kutayotgan boshqa masalalar yuzasidan istiqbolli vazifalar rejalashtirildi.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xizmatining joriy holati, faoliyat samaradorligi, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi, xizmat intizomi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar toʻliq tahlil qilindi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati








